Germaniya federal Prezidenti rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer rafiqasi hamrohligida 17-18-iyun kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ladi.
Tashrif dasturiga muvofiq, ikki davlat rahbarlarining tor va kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralari bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston – Germaniya ko‘p qirrali munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.
Tomonlar savdo, sanoat kooperatsiyasi, energetika va “yashil” texnologiyalar, transport va logistika, farmatsevtika va kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirish, ta’lim va gumanitar almashinuvlarni faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratadilar.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb mavzular yuzasidan ham fikr almashiladi.
Muzokaralar doirasida bir qator yangi qo‘shma loyiha va dasturlarni ishga tushirish hamda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga qo‘shimcha sur’at bag‘ishlaydigan hujjatlar to‘plamini qabul qilish rejalashtirilgan.