Yakshanba kuni Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya va Portugaliya Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olishini e’lon qildi. Germaniya esa bu masalani muzokarasiz hal qilmasligini bildirgan.
GFR tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful Falastin faqat kelishuv natijasida tan olinishi kerak, deya ta’kidlab, darhol tinchlik jarayonini boshlash va G‘azoda o‘q uzishni to‘xtatishga chaqirdi. Shuningdek, zudlik bilan sektor aholisiga gumanitar yordamni kengaytirish va garovga olinganlarni qaydsiz-shartsiz ozod qilish zarurligiga urg‘u berdi.
Mulozim Isroil harbiy amaliyotini “butunlay noto‘g‘ri yo‘l” deb atadi. Qator Yevropa davlatlari tomonidan birin-ketin Falastin davlat sifatida tan olinishini Isroil va AQSH qoraladi. Bosh vazir Binyamin Netanyahu “Falastin davlati hech qachon bo‘lmaydi”, deya ta’kidlab, Iordan daryosi G‘arbiy sohilidagi yahudiylar yashayotan hududni kengaytirishga va’da berdi.
Xullas, olmon davlati Falastinni tan olish harakatiga qo‘shilmayapti.
– Germaniya uchun Falastinni tan olish jarayonning oxirida turadi, – dedi Vadeful o‘z hukumatining ayni masalaga yondashuvini izohlarkan. Bu fikrni GFR TIV rahbari iyul oyida Yaqin Sharqqa safari chog‘ida ham bildirgan. Shu bilan birga mulozim bu yo‘l hozir “juda uzoq” tuyulayotganini tan oldi. Ya’ni, xalqaro huquq nuqtai nazaridan noqonuniy hisoblangan, bosib olingan Falastin hududlarini egallashga qaratilgan har qanday harakat mojaroni hal etish, barqarorlikka erishish imkoniyatini zaiflashtirishiga e’tibor qaratdi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/oI2i8D-5JHc?si=zTHQt-_2ozHdv7Kx" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA