Germaniya elchisi bilan uchrashuv
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov Germaniya Federativ Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi Tilo Klinner bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’qul qildi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqboli, yuqori va oliy darajadagi muntazam siyosiy muloqotni davom ettirish masalasi muhokama qilindi.
Germaniyaning yetakchi kompaniyalari bilan savdo, sarmoya, yuqori texnologiyalar, sanoat, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.
Germaniya tomoni O‘zbekiston bilan so‘nggi yillarda o‘zaro manfaatli sohalarda aloqa faollashganini ijobiy baholadi.
Uchrashuvda mintaqaviy va xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Konstruktiv va ishonchli O‘zbekiston - Germaniya muloqotini yanada rivojlantirishga ikki tomon ham tayyor ekani tasdiqlandi.
O‘zA