Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani O‘zbekistonda yuqimli kasalliklarni aniqlash, oldini olish va ularni bartaraf etish borasida xalqaro tashkilotlar bilan olib borilayotgan hamkorlikni yoritishga bag‘ishlandi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakili Ashina Halakdina va YUNISEF rahbari Rehina Kastijio global gepatit statistikalariga tayanib, bugun dunyoda har yili 1,3 million inson aynan gepatit sabab hayotdan ko‘z yumayotgani, bu ko‘rsatkich sil kasalligiga teng ekani haqida ogohlantirdi.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Prezidentning 2022 yildagi PQ-243-sonli qarori asosida keng ko‘lamli skriining va profilaktika ishlari olib borilmoqda. Joriy yil 14 aprel holatiga ko‘ra, 1,4 milliondan ortiq fuqaro gepatit B va S turlariga tekshiruvdan o‘tkazilgan bo‘lib, 2,8% holatda gepatit B, 3,4% holatda esa gepatit S aniqlangan.
E’tiborga loyiq jihati – bemorlarni antiviral davo bilan qamrab olish rejasi 10,5 ming nafarga yetkazilmoqda.
Bundan tashqari, kasallik yuqtirish xavfi yuqori bo‘lgan 119 mingdan ortiq tibbiyot xodimlari to‘liq emlangan. Emlash mavzusi ayniqsa dolzarb bo‘lib, 27 apreldan boshlangan va 3 maygacha davom etadigan Yevropa Immunizatsiya Haftaligi doirasida ham keng muhokama qilinadi.
Bugungi kunda Janubiy Koreya bilan hamkorlikda yuqumli onkologik kasalliklarning oldini olishga qaratilgan loyiha doirasida bir qator amaliy ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, chekka hududlarda yashovchi aholining tibbiy savodxonligini oshirish maqsadida uchrashuvlar, OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali chiqishlar tashkil etilgan. Yana 10 ta sayyor trening orqali 300 dan ortiq tibbiyot xodimining malakasi oshirilgan.
Hududlarda raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha esa 70 dan ortiq mutaxassis 7 ta treningda qatnashgan. Bundan tashqari, gepatit va bachadon bo‘yni saratonini erta aniqlash bo‘yicha maxsus tashxis dasturi ishlab chiqilib, zamonaviy diagnostika uskunalari xarid qilingan.
Shuningdek, JSST vakillari yurtimizdagi emlash kampaniyalarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirib, OAV orqali aholining xabardorligini oshirish muhimligini ta’kidlashdi.
Mutaxassislar ommaviy ravishda noto‘g‘ri ma’lumot tarqalishi emlashga bo‘lgan ishonchni susaytirayotganini va bunga qarshi ilmiy asoslangan kommunikatsiya strategiyalari zarurligini alohida ta’kidlashdi.
Matbuot anjumani yakunida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/HCZBmRYEwBs" title="O‘zbekiston gepatitga qarshi qanday kurashmoqda?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Eshmirzayeva, D.Yakubov, O‘zA