2021 yildagi ma’lumotlariga ko‘ra, gepatit B va C virusi sababli butun dunyoda har yili 1,5 millionga yaqin odam vafot etadi. Bu esa OIV/OITS va bezgakdan ko‘proq deganidir.
Yurtimizda ushbu xavfli kasallikni o‘z vaqtida profilaktika va diagnostika qilish, ularni davolash maqsadida 2022 yil 16 mayda “Ayrim dolzarb virusli infeksiyalar tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorda virusli gepatitlarning “V” va “S” turlarini erta aniqlash uchun respublikaning barcha hududlarida skrining tekshiruvlarini o‘tkazish va kasallikni davolash qamrovini oshirish borasida bir qator muhim vazifalar belgilangan. Shundan kelib chiqqan holda yurtimizdagi 65 dan ziyod oilaviy va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda ushbu kasallikni aniqlash uchun bepul skrining tashkil etildi.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan birifingda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Maftuna Saidovaning ta’kidlashicha, joriy yilning hozirgi davriga qadar 696 ming 147 nafar aholi gepatit Vga va 696 ming 45 nafar aholi gepatit Sga skrining tekshiruvidan o‘tkazildi. Ularning 22 ming 307 nafarida gepatitning V va 22 ming 157 nafarida gepatitning S turlari aniqlandi.
– Gepatit Sga qarshi dori vositalari xaridi uchun davlat byudjetidan 47 mlrd. so‘m ajratilishi rejalashtirilgan, deydi M.Saidova. – Misr Arab Respublikasi bilan o‘tkazilgan muzokaralar natijasida 800 ming qadoq "Daklatasvir" va "Sofosbuvir" dori vositalarini beg‘araz yordam sifatida yuborish uchun kelishuvga erishildi. Hozirgi kunda 60 ming qadoq "Daklatasvir" va 7 ming qadoq "Sofosbuvir" dori vositalari gepatit S aniqlangan bemorlarga bepul tarqatilmoqda. Kelgusida bu kabi skrining tekshiruvlari sonini yiliga 1 millionga yetkazish rejalashtirilgan.
Mohigul Qosimova, O‘zA