Geologlar yangi uyga ko‘chib o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan geologiya sohasi ishchi-xodimlarini ma’naviy va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ular uchun munosib uy-joy va ijtimoiy-maishiy sharoitlarni yaratishga qaratilgan bir qator maqsadli ishlar amalga oshirilmokda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 fevraldagi “2019 yilda vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari samaradorligini hamda maqsadli vazifalarga erishishlarini baholashning asosiy mezonlari to‘g‘risida”gi farmoyishida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan respublikaning olis hududlarida 64 oilaga mo‘ljallangan 32 ta zamonaviy turar joy qurish rejalashtirilgan edi.
Navoiy viloyati Zarafshon shahrida geologiya sohasida faol mehnat qilib, alohida namuna ko‘rsatayotgan ishchi-xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun qurib bitkazilgan yangi uy-joylar foydalanishga topshirildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati ma’lum qildi.

Cho‘l hududida barpo etilgan bir qavatli, uch va to‘rt xonadondan iborat 32 uyga 64 nafar geologlar oilalari ko‘chib o‘tdi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi raisi Bobir Islamov, Zarafshon shahar hokimi Anvar Rajabov va boshqalar yangi uy egalarini qutladi.
Ta’kidlanganidek, geolog ishchi-xodimlar uchun barcha qulayliklarga ega yangi uy-joylarning barpo etilishi Prezidentimiz tomonidan geologiya sohasi xodimlarini ijtimoiy himoyalash, ularni uy-joy bilan ta’minlash va maishiy sharoitlarini yaxshilashga doir doimiy e’tibor natijasidir.
Tadbirda respublikamiz mineral xomashyo bazasini rivojlantirish yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilayotgan geologlar o‘zlariga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun ekanliklarini bildirdi.
– Zamonaviy loyiha asosida qurilgan uylarda barcha sharoitlar yaratilganidan mamnunmiz, – dedi "Urankamebmetgeologiya” AJ ga karashli "Nurota" DGKEning bosh geologi A.Ro‘ziyev, – Davlat geologiya qo‘mitasi tomonidan taqdim etilgan uylar farzandlarimizga qulaylik yaratib, oilalarimiz farovonligiga xizmat qiladi.