Geologlar bilan ikki kun
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tarkibidagi “O‘zbek geologiya qidiruv” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Samarqand markaziy geologiya qidiruv ekspeditsiyasiga press-tur tashkil etildi.
Respublika va hududiy ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlarni jamiyat hamda mazkur ekspeditsiyaning mamlakatimiz mineral-xomashyo bazasini rivojlantirishga qaratilgan davlat dasturlari ijrosi hamda geologlar faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida o‘tkazilgan tadbirning birinchi kuni Samarqand markaziy geologiya-qidiruv ekspeditsiyasida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
“O‘zbek geologiya-qidiruv” aksiyadorlik jamiyati bosh muhandisi o‘rinbosari B.Eshmirzayev va tizim mas’ullari yil boshidan buyon erishilgan strategik natijalar, ayni paytda amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ma’lumot berdi.
Bugungi kunda respublikamiz hududida geologik qidiruv ishlarini olib borish uchun jamiyat tarkibida Qizilqum, Hisor, Samarqand va Toshkent, Regional markaziy geologiya-qidiruv ekspeditsiyalari faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, markaziy geologiya-geofizika ekspeditsiyasi, markaziy va analitik laboratoriya majmualari hamda “geoburxizmat” uchastkasi mavjud bo‘lib, bu tashkilotlar geologiya-qidiruv sohasidagi ishlar samaradorligi va natijadorligini oshirishga xizmat qilib kelmoqda.
– Hozirgi kunda tizimda 4500 ga yaqin xodim – geologlar, muhandislar, quruvchilar, iqtisodchilar va boshqa soha mutaxassislari faoliyat olib bormoqda, – dedi B.Eshmirzayev. – Albatta, geologiya-qidiruv ishlarida xodimlarimizning bilim va tajribasi muhim. Shu bilan birga 102 ta zamonaviy, yuqori texnologik hamda 23 ta boshqa turdagi burg‘ilash uskunasi, 287 ta yordamchi texnikalarimiz ham ish unumdorligi va belgilangan rejalarni o‘z vaqtida bajarishga xizmat qilmoqda. Jumladan, yil boshidan buyon geologiya qidiruv ishlarini olib borish, foydali qazilma konlarini izlash, baholash va topografik, geologik tasvirlash, burg‘ilash hamda laboratoriya tahlil jarayonlarini amalga oshirish yuzasidan davlat byudjeti, Navoiy kon-metallurgiya va Olmaliq kon-metallurgiya korxonalari mablag‘lari hisobidan 130 ta loyiha bo‘yicha ishlar tashkil etildi. Oltin, kumush, mis, qo‘rg‘oshin va rux, volfram, noyob metallar va kamyob yer elementlari, ko‘mir va boshqa noruda foydali qazilmalarni geologik qidiruv ishlari olib borilmoqda. Jumladan, yanvar-avgust oylarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Samarqand, Jizzax, Toshkent, Buxoro va Namangan viloyatlarida foydali qazilmalarni aniqlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijasida oltin zaxira ko‘rsatkichlari 10 tonnaga, kumush 4 tonnaga oshirildi.
[gallery-31632]
Mineral-xom ashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash davlat dasturi hamda sanoat drayverlari bo‘lgan Navoiy kon-metallurgiya kombinati va Olmaliq kon-metallurgiya kombinati buyurtmasi asosida oltin, mis, volfram va boshqa foydali qazilmalarni aniqlash uchun 477 ming 983 pagonometr geologiya qidiruv quduqlarini burg‘ilash ishlari bajarildi. “Navoiyuran” davlat korxonasi uchun 188 ming 659 pagonometr geotexnologik quduqlar burg‘ilanib, foydalanishga topshirildi. Bundan tashqari 3014 pagonometr yer osti tog‘-kon lahim o‘tish, 234 ming 724 kub metr yer usti lahim qazish ishlari amalga oshirildi.

Matbuot anjumanida qayd etilishicha, ayni paytda jamiyat tarkibida beshta laboratoriya faoliyat yuritmoqda va ular tomonidan davlat dasturida ko‘zda tutilgan loyihalar doirasida tahlillar bajarilmoqda. Xususan, joriy yilning sakkiz oyida laboratoriyalar tomonidan 586 mingdan ortiq tahlillar amalga oshirildi. Bundan tashqari, laboratoriyalar tashqi buyurtmachilar, tadbirkorlik sub’ektlariga ham shartnoma asosida xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Press-tur ishtirokchilari Samarqand markaziy geologiya qidiruv ekspeditsiyasiga qarashli shunday laboratoriya va tosh maydalash sexi faoliyati bilan tanishdi.

– Davlatimiz rahbari tomonidan qaratilayotgan e’tibor tufayli keyingi yillarda geologiya-qidiruv sohasining moddiy texnik bazasi tubdan yangilandi, yangi maxsus texnikalar va chet el ilg‘or texnologiyalariga asoslangan burg‘ilash uskunalari olib kelindi, – deydi Samarqand markaziy geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi boshlig‘i Sobirjon Ne’matullayev. – Natijada ish unumdorligi bir necha barobarga oshdi. Xususan, bir oyda zamonaviy burg‘ilash uskunasi orqali 2000 pagonometr burg‘ilash ishlarini bajarishga erishilmoqda. Eski texnika va texnologiyalar esa bu ish hajmining yarmini ham bajarish imkonini bermasdi. Endilikda, yaratilgan imkoniyatlar va berilayotgan e’tibor foydali qazilmalar zaxira va resurslarining mineral xom ashyo bazasini kengaytirishga xizmat qilmoqda. Jumladan, bizning ekspeditsiyamiz tomonidan 32 ta strategik loyiha ustida ish olib borilmoqda. Bu loyihalarning 4 tasi davlat byudjeti hisobidan, qolgan 28 tasi esa yaqin hamkorimiz – “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati bilan shartnoma asosida amalga oshirilmoqda. Kombinatning Janubiy kon boshqarmasiga qarashli konlarning yon qanotlarida va chuqur sathlarda geologik ishlar olib boryapmiz.
Bundan tashqari, sohada ilmiy salohiyat ham oshmoqda, yonimizga bilimli yosh kadrlar kelib qo‘shilmoqda. Oliy ta’lim muassasalari bilan birgalikda ishlab, o‘zimiz ham ularni tayyorlashda ishtirok etyapmiz. O‘zbekiston Milliy universiteti, Samarqand davlat universiteti geologiya kafedralari bilan ilmiy-amaliy hamkorlik o‘rnatib, professor-o‘qituvchilarni ham dala ekspeditsiyalariga jalb qilyapmiz, talabalar amaliyotni bevosita joyiga chiqqan holda o‘tamoqda. Hozirda geologiya sohasiga ham ko‘p investorlar kelyapti, tog‘-kon va geologiya qidiruv sohalari bo‘yicha chet el kompaniyalar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Xitoy, AQSH, Tojikiston, Qirg‘iziston, BAA, Mo‘g‘uliston va boshqa davlatlar geologlari bilan tajriba almashyapmiz. Keyingi ikki yilda Afg‘oniston bilan aloqalarimiz ancha yaxshilandi. Xalqaro hamkorlik doirasida xorijiy davlatlarda ham geologiya-qidiruv ishlarida qatnashyapmiz. Chunki, O‘zbekiston geologiya maktabi boy an’analar, tajribaga ega. Shu bilan birga uni yanada boyitib, tizimni raqamlashtirish, sun’iy intellektdan samarali foydalanishga e’tibor qaratilmoqda. Bu esa geologik qidiruv ishlari samaradorligini oshirish, aniqlangan konlarning iqtisodiy salohiyati va zaxirasini to‘g‘ri baholashga yordam bermoqda.
Press-turning ikkinchi kuni ommaviy axborot vositalari vakillari Qo‘shrabot tumanida, Shimoliy Nurota tog‘ tizmasining markaziy janubiy yon bag‘irlarida joylashgan Zarmitan dala ekspeditsiyasida bo‘ldi.

Bugungi kunda 8 ta yirik loyiha asosida geologiya qidiruv ishlarini olib borayotgan ekspeditsiyadagi zamonaviy burg‘ilash qurilmalari faoliyati, yer osti tog‘-kon lahm o‘tish ishlarining borishi jurnalistlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
– Ekspeditsiyamiz tomonidan Charmitan, O‘rtaliq, G‘ujumsoy konlari atrofida qidirish, izlash, baholash ishlari ketma-ketlikda olib boriladi, – deydi Zarmitan dala ekspeditsiyasi Janubiy Charmitan uchastkasi yetakchi geologi Nodir Tovboyev. – Bizning uchastkamiz esa 2026-2029-yillarga mo‘ljallangan loyiha asosida Charmitan konida geologik qidiruv ishlarini amalga oshiryapmiz. Bu joy avval qisman o‘rganilgan va yetarli natija olinmagani uchun keyinchalik ish to‘xtab qolgan. Biz hududda keng ko‘lamli ishlarni olib borib, yerosti lahmlarini o‘tdik, burg‘ilash ishlari bajarildi. Loyihaviy chuqurligi 340 metr bo‘lgan 10-burg‘ilash qudug‘ini 342 metr qilib o‘tdik va natijada kon janubida yangi uchastka ochdik. Geologik qidiruv ishlarimiz namunalarini laboratoriyaga yuborganimizda tahlillar juda yaxshi chiqdi va bu konni istiqbolli deb aytish mumkin. Loyiha bo‘yicha yana uch yil davomida izlanishlarimizni davom ettirib, keyin davlat zaxirasiga topshiramiz.
Ishtirokchilar tog‘ jinslaridan olingan geologik namunalarni maydalash va maxsus saqlash uchastkalari ish tartibini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishdi. Ayniqsa, laboratoriya jarayonlarining to‘liq raqamlashtirgan yangi “Namunalarni nazorat qilish” axborot tizimining ishlash mexanizmi jurnalistlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

– Qariyb qirq yildan buyon ushbu dala ekspeditsiyasida ishlayman, – deydi laboratoriya uchastka boshlig‘i Malohat Hamroyeva. – Avvalgi davrlar bilan qiyoslaganda laboratoriya ishi bugun ancha zamonaviylashdi. Geologiya qidiruv ishlari jarayonida olingan namunalarni tahlil qilish imkoniyatlarimiz kengaydi. Hozir xorijdan keltirilgan uskunalar yordamida bir oyda 3,5-4 mingta namunani tahlil qila olamiz. Muhimi, aniqlik va tezkorlik oshgan.
Press-tur davomida uzoq tog‘ sharoitida tunu kun mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar va burg‘ilash ustalari uchun yaratilgan mehnat sharoitlari, ularning turmush tarziga ham e’tibor qaratildi.
Aytish mumkinki, mazkur media-tadbir jamoatchilikka mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatining muhim poydevori bo‘lgan yer osti boyliklarini aniqlashda o‘zbek geologlarining mashaqqatli va sharafli mehnatini yaqindan ko‘rsatish imkonini berdi.
G‘olib Hasanov, O‘ktam Hayitov (surat), O‘zA muxbirlari