Gender zo‘rovonlik sabablari nimada?
Gender tengsizlik – gender zo‘rovonlikka zamin yaratayotgani aytildi Kumushkonda o‘tayotgan forumda.
Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi va Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot (MXT)ning O‘zbekistondagi muvofiqlashtiruvchisi hamkorligida tashkil etilgan “Ommaviy axborot vositalari vakillari uchun odam savdosi, majburiy mehnat va gender tenglik masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi forumi”da shu kabi muammolarga yechim izlandi.
Shu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari o‘z faoliyatida duch kelayotgan muammoli hayotiy masalalarni ishtirokchilar e’tiboriga havola qildi.
Respublika “Istiqbolli avlod” ijtimiy-axborot markazi Jizzax viloyati bo‘limi rahbari, Jizzax viloyati reablitatsiya qilish va moslashtirish markazi direktori Nazifa Kamolova 15 yoshli qiz bilan bo‘lgan ayanchli voqeaga to‘xtaldi.
Qisqacha aytganda, voyaga yetmagan qizni o‘z otasi olti oy davomida jinsiy espluatatsiya qilib kelgan. Bu ham yetmaganday o‘z farzandini boshqa erkaklarga “tavsiya” ham qilgan.
Aytsam tilim, aytmasam dilim kuyadi, deydi buni eshitgan har qanday odam. Bunday voqelarni ommaga ochiq aytish hammadan ko‘ra qiz taqdiriga salbiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz. Boshqa tomondan bunday voqeliklar ochiqlanishi jamiyat ma’naviy hayotiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Axir xalqimizda “qovun qovundan rang oladi”, degan purma’no hikmat ham bor.
Voqea ildizlariga nazar tashlanganda esa oiladagi nosog‘lom muhitni ko‘rish mumkin. Qayerdadir oilada shunday inqiroz yuz berdimi, demak mahalla muhiti sog‘lom emas. Buning kasri esa tuman, viloyat, mamlakat darajasigacha chiqib boradi...
Forumda davomida Nazifa Kamolova jabrlanuvchi qizning keyingi hayotida nodavlat tashkilotlar qanday yordam ko‘rsatgani haqida so‘zlab berdi. Tajovuzkor erkakka jinoyat ishi ochilgan, qizning, oilaning keyingi hayotida ta’na-dashnomlarga uchramasligi uchun yuqori tashkilotlar ko‘magida boshqa tumanga ko‘chirilgan. Bundan tashqari, mazkur markaz joriy yilda 2000 dan ziyod shu kabi va boshqa murojaatlar yechimi doirasida ularga amaliy yordam ko‘rsatilgan.
Tadbir davomida jamiyatda uchrayotgan zo‘rovonlik holatlariga qarshi kurashishda gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha davlat idoralari bilan bir qatorda nodavlat notijorat tashkilotlar ham faol yordam berayotgani alohida qayd etildi.
Ularning faoliyati davlat tomonidan, xalqaro tashkilotlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotani e’tiborga loyiq.
- Gender tenglik mavzusini yoritishda masalaning mohiyatini nazarda qochirmaslik kerak, - dedi Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot (MXT)ning O‘zbekistondagi muvofiqlashtiruvchisi Sanjarbek Toshboyev. – Gender – bu ayol bilan bir qatorda erkakning huquqini himoya qilishni nazarda tutadi. Boshqacha aytganda, “gender – teng” ma’nosini anglatadi. Bu mavzu haqida so‘z ketganda, ko‘proq ayollar huquqi ustuvorligiga urg‘u berilishi jamiyatda noto‘g‘ri tushuncha paydo bo‘lishiga olib kelmasligi kerak. Ayollar va erkaklar barcha huquqlaridan o‘z o‘rnida to‘g‘ri foydalanishi kerak. Zero, xalqaro huquq normalari umumiy xarakterida inson huquqlari tushunchasi mavjud va bu barchaga taalluqli.
Darhaqiqat, gender tenglik haqida so‘z ketganda, ko‘proq ayollar huquqi ta’minlanishi kerakligi haqidagi fikrlar ilgari suriladi. Amalda esa hali ham ayolga buyum yoki xizmatkor sifatida qarash holatlari yo‘q emas. Garchi davlat darajasida masala e’tiborga olinib, ma’uliyatli lavozimlarga tayinlanayotgan xotin-qizlar ko‘payayotgan bo‘lsa ham, yuqorida aytilganidek, ayanchli holga tushayotgan xotin-qizlar yo‘q emas. Aynan shu nuqtalardagi tengsizlik esa zo‘rovonlikka zamin yaratmoqda.
Forum davomida gender tenglik jamiyatda kerakmi-yo‘qmi, degan mavzuda interfaol o‘yinlar tashkil etildi. Ishtirokchilar ikki jamoaga bo‘linib, gender tenglikka bo‘lgan jamiyatdagi qarashlar, qonunchilikda nazarda tutilgan jihatlar haqida mulohazalarini bildirdi.
Yakunda gender tenglik tarafdorlarida hali ham masala mohiyatini ochib berishda kamchiliklar borligi ko‘zga tashlandi. Aynan shu kamchiliklarni bartaraf etish uchun ham mazkur forum tashkil etildi. Ko‘rib chiqilgan mavzu bo‘yicha forum yakunida mutaxassislar o‘z tavsiyalarini beradi.
Tadbir davom etmoqda.
Norgul Abduraimova, O‘zA