Insoniyat tamadduni evolyutsiyasida erkaklar va ayollar xuquqiga oid gender tengligi muammolari uzoq tarixiy evrilishlarni boshidan kechirdi. Mazkur transformatsiya G‘arb va Sharq tamaddunining rivojlanish tendensiyasi, ilmiy-kognitiv, ijtimoiy-falsafiy tafakkurida o‘z aksini topgan.
Gender problematikasi eng qadimgi zamonlardanoq qizg‘in bahslarga sabab bo‘lgan tabiat barchani teng qilib yaratgani to‘g‘risidagi g‘oyalar qadimgi yunon faylasufi Antifont asarlarida bayon qilingan fikrlardan tortib tarixiy evrilishlarni boshidan kechirdi.
Yunon faylasufi, matematik Pifagor o‘zining ilmiy qarashlarida ayol va erkakning teng qilib yaratilgani haqida bahs yuritadi. Bunday g‘oyalar Suqrot ta’limotida ham uchraydi. Suqrot shaxs erkinligi va ozodligi, inson va fuqarolar huquqi haqidagi g‘oyalari bilan yoshlar ongini zaharlashda ayblanib o‘limga mahkum etilgan.
Falsafaning otasi Platon ham o‘z buyuk safdoshlari g‘oyalariga sodiqligini namoyish etgan holda “Ideal davlat” asarida bu qarashlarni yoqlab chiqqan. Platon erkak va ayol tabiati o‘rtasidagi farq nisbiy va faqat reproduktiv sohaga taalluqli degan xulosaga keladi.
Platon o‘z davrida an’ana, urf-odatlarning kuchli va uzoq muddatli ta’siri natijasida “sho‘rva pishirish” va “enagalik qilish” ga mahkum bo‘lgan xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rniga oid ushbu haqiqatni tasvirlab, muammoning ijtimoiy ildizlarini ochib beradi.
Buyuk faylasuf ayollarning tarbiyasi va ta’limiga yondashuvni o‘zgartirish zarurligini ta’kidlaydi, shunda sun’iy ravishda shakllangan assimetriya nafaqat erkaklarning, balki jamiyatning barcha a’zolarini to‘liq rivojlanishiga yo‘l ochadi.
Nemis psixologi, sotsiolog, neofreydizm asoschilaridan biri, gumanistik psixoanaliz vakili Erix Zeligmann Fromm (Erich Seligmann Fromm) “Erkak va ayol” nomli asarida ikki jins vakillarining tabiati va xususiyatlari, gender tengligi muammosini tahlil qilish asnosida quyidagi xulosalarga keladi: “Tenglik o‘zlikni anglatadi. Tenglik talabi tabiatan qutblidir: har xil farqlarga qaramay, hech kim bir-birini o‘z maqsadiga erishish vositasi sifatida ishlatmasligi kerak, chunki har bir inson o‘zi uchun maqsaddir. Va bu shuni anglatadiki, har bir inson o‘z turining va millatining vakili sifatida individual xususiyatlarini, o‘ziga xosligini rivojlantirish erkinligiga ega bo‘lishi kerak. Tenglik farqlarni inkor etishni emas, balki ularni to‘liq amalga oshirish imkoniyatini nazarda tutadi.
Tarixda ayollarga nisbatan zulm ko‘rinishlari turli davrlarda bo‘lgan. Arabiston yarim orolida qiz bolalarni tiriklayin ko‘mish kabi johiliyat davrining shafqatsiz odatlari hukm surgan. Hindistonda eridan mahrum bo‘lgan ayol ham tiriklayin gulxanda yoqilishga mahkum bo‘lgan sati udumi mavjud bo‘lgan. Qadimgi Xitoyda qiz bolaning tug‘ilishiga falokat sifatida qaralgan.
Rim huquqshunosi Papian ayollarning jamiyatdagi mavqei to‘g‘risida quyidagicha yozgan: “Qonunchiligimizning umumiy qoidalariga ko‘ra, ayollarning mavqei erkaklarnikidan yomonroqdir” (Digestlar). Erkin bo‘lsa ham, ayol hali ham fuqarolik “erkinliklari” ga ega emas edi. Masalan, u armiyada xizmat qila olmaydi, yig‘ilishlarda ovoz berolmaydi, davlat lavozimiga saylana olmaydi, sudya yoki prokuror bo‘la olmaydi, har qanday uchinchi tomonning advokati sifatida sud jarayonini o‘tkazish huquqiga ega emas.
“Amerikada demokratiya” asarining muallifi, XIX asr fransuz gumanisti va faylasufi Aleksis de Tokvil bu xususda shunday fikr yuritadi: “Ba’zilar erkak va ayolni nafaqat tengligi, balki yaxlit ekanini ta’kidlaydilar. Ular erkak va ayolga bir xil huquqlarni beribgina qolmay, bir xil majburiyatlarni ham ularning zimmasiga yuklaydilar. Ular erkak va ayolni bir xil fikrlashi, mehnat qilishini istaydilar. Bu yaxshilikka olib kelmaydi, erkak va ayolning jins sifatida inqirozini keltirib chiqaradi, zaif erkaklarni va kuchli ayollarni paydo qiladi”.
Nemis mutafakkiri Vilgelm fon Gumboldtning “Har bir xalqning ma’naviy taraqqiyoti uning ayolga bo‘lgan munosabati bilan belgilanadi, degan qimmatli fikri bor.Sharq qadriyatlarda ayol doimo erkak kishiga do‘st, yor, oqila, mehribon, oilaviy tinchlikning rahnamosi sifatida ulug‘langan.
Sharqona tafakkurda, turkiy xalqlarda ayollarning jamiyatdagi mavqei juda yuqori bo‘lgan. Arab tarixchisi ibn Battuta habar beradi: “Turk xoqonlari imzo chekayotganda “sulton va uning xotinining amri bilan” deb yozadilar”.
Abu Rayhon Beruniy o‘z qarashlarida oila tinchi bevosita oqila, aqlli, farosatli, tarbiyali ayollar qo‘lida ekanligiga alohida ahamiyat qaratgan. O‘zining «Minerologiya» asarida oila qurayotgan kizlarga ota-onaning nasihatlarini keltirib, oiladagi tinchlik-totuvlik, baxtiyorlik ko‘prok ayollar zimmasiga tushishini ta’kidlaydi.
Ulug‘ alloma Abu Ali ibn Sinoning oilaviy munosabatlar masalalariga oid qarashlari ham diqqatga sazovor. «Tadbiri manozil» asarida mutafakkir ayollarning fazilatlari haqida to‘xtalib o‘tadi.
Qadim ajdodlarimizning ta’limoti - zardushtiylikning muqaddas kitobi «Avesto»da tarannum etilgan oila-nikoh munosabatlari, er-xotinning oiladagi burch va vazifalari, farzand tarbiyasi xususidagi g‘oyatda qimmatli fikrlar bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Unda qarindoshlarning o‘zaro oila qurishi man etilgan. Qavm va urug‘ qonini toza, avlodni benuqson saqlash uchun shunday qilingan. Manbada homilador ayollarni davlat o‘z muhofazasiga olishi zarurligi, ko‘p bolali oilalarga davlat hisobidan nafaqa tayinlash lozimligi, bir necha farzand dunyoga keltirgan ayollar mukofot olishga sazovor ekanligi uqtiriladi.
Islom ta’limoti ayol sha’nini ulug‘laydi. Islom shariatida Alloh taoloning kalomida ilm talab qilish musulmonlarning erkagu ayoliga tegishlidir. Hadisi sharifda “Ilm talabi har bir musulmon uchun farzdir”, deyiladi.
Islom dini o‘z ayollariga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lgan erkaklarni insonlarning eng yaxshisi qatoriga qo‘shadi. Bu xususda hadisda “Sizlarning ichingizda eng yaxshingiz o‘z ahli ayoliga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lganingizdir”, deya marhamat qilinadi (Imom Termiziy rivoyati).
Milliy o‘zlikni anglash jarayoni bu har bir millat mavjudligining asosiy shartlaridan biridir. Har bir millatning qadriyatlari, tarixiy taraqqiyot yo‘li, nasl-nasabi, mentaliteti, milliy fe’l-atvori, yashash tarzi, umuminsoniy taraqqiyotdagi o‘rnida jamiyatning genderga oid ijtimoiy adolatni ta’minlash masalalari ham muhim rol o‘ynashini ta’kidlash zarur.
Mohira Xoliqova,
“Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i.
O‘zA