Gender mavzusini to‘g‘ri yoritish dolzarb
Poytaxtimizda gender masalalarini to‘g‘ri yoritish masalalariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazilmoqda.
Ushbu trening mashg‘ulotlari O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tomonidan Fransiya taraqqiyot agentligi, Shveysariya hukumati tarafidan moliyalashtirilgan "Markaziy Osiyoda zo‘ravonlik xavfi ostida bo‘lgan va zo‘ravonlikka uchragan ayollarni qo‘llab-quvvatlashda fuqarolik salohiyatini kuchaytirish" loyihasi doirasida tashkil etildi.
Sir emaski, bugungi kunda gender masalalarini barcha ommaviy axborot vositalari xodimlari ham to‘g‘ri talqin etmaydi. Bu esa voqelikni ommaga noto‘g‘ri yetkazish va o‘quvchilar fikrini chalg‘itishga ham olib kelayotgani afsuslanarli holatdir.

Trening maqsadi jurnalistlarga zo‘ravonlik qurbonlari haqida voqeliklarni, umuman barcha voqeliklarni to‘g‘ri yoritish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish, jurnalistlarning gender tengligi va genderga asoslangan zo‘ravonlik haqidagi xabardorligini oshirishdan iborat.
Ushbu tadbir natijasida treningda ishtirok etgan jurnalistlar zamonaviy multimedia vositalaridan foydalangan holda gender masalalari va ayollarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini tegishli hujjatlashtirish, yoritish bo‘yicha bilimlarini oshirishlari, "Ozor bermang!" tamoyiliga asoslanib media vositalaridan foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Barcha turdagi ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etayotgan ushbu seminar-trening "Gender va gender tengligi haqida umumiy ma’lumot" , "Ommaviy axborot vositalarida gender stereotiplari", "Material qahramonlari bilan qanday muloqot qilish kerak?", "Genderga bog‘liq mavzularni qanday qilib to‘g‘ri yoritish?" kabi dolzarb mavzularni o‘ziga qamraydi.
N.Usmonova,
O‘zA