Hayotiy tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, yillar o‘tar, lekin paxta yetishtirish O‘zbekiston uchun muhim zarurat va daromad manbai bo‘lib qolaveradi.
Bugun paxtani tozalash zavodlari tunu-kun ishlamoqda. Terib olingan hosil peshma-pesh xirmonlarda boʻy choʻzyapti. Hech qayerda 6-7 yil avvalgidek shtab, ommaviy safarbarlik, majburiy mehnat degan gaplar yoʻq. Hamma oʻzining ishi bilan band. Buning birinchi sababi – mamlakat paxtachiligida bozor munosabati qatʼiy qaror topganida. Uning samarasini birgina Yozyovon tumanidagi “Mezon” fermer xoʻjaligi misolida ham koʻrish mumkin.

Bundan bir necha yillar ilgari Isroilda paxta tomchilatib sugʻorilar ekan, bir gektar maydondan 45-50 sentner paxta hosili olinar ekan, degan gaplarni eshitib hayratga tushganimiz ham rost. Oʻshanda Oʻzbekiston sharoitida, qolaversa Yozyovon choʻllarida 1 gektardan 60 sentnerdan paxta olish afsona edi. Bugun u hayot haqiqatiga aylandi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan paxtachilikka ilm kirib kelishi hosildorlik oshishiga olib keldi.

“Mezon” fermer xoʻjaligi dalalarida ochilgan paxtalar dengiz misol chayqalib turibdi. Bu yerda birinchi terimning oʻzidayoq 55 sentnerdan ortiq xosil yigʻib terib olinmoqda.
Fermer Vohidjon Obidov mutaxassislar bilan maslahatlashib koʻchatlar sonini keskin koʻpaytirdi.
–Bir gektar maydonda 250 mingta koʻchat hosil qildik. Ilgari buncha koʻchat 2-2,5 gektar yerda boʻlar edi, – deydi “Mezon” fermer xoʻjaligi rahbari Vohidjon Obidov. – Hozir esa biz oʻsha 2 gektar paxtazor harajatini 1 gektar harajati bilan qoplayapmiz. Bundan tashqari yagana, chikanka ham qilinmaydi. Qolaversa hosil ikki terimda emas, bir terimdayoq yigʻib olinadi.

Vohidjonning yana bir yutugʻi shundaki, u bir necha navlarni sinab koʻrib yeriga mosini topib ekdi.
Bu yilgi urugʻlik chigit S8290 va S6775 navlari boʻlib, toʻrtinchi tipga taaluqli edi. Birinchi terimdayoq 55 sentnerdan hosil beryapti. Oʻtgan yili aynan shu nav oʻrtacha 50-55 sentnerdan hosil bergandi. Bu yil unga nisbatan koʻchat soni koʻpaydi. Tabiiyki, koʻsaklari soni ham oshdi. Bir chanoq paxta 5-6 gramm, ayrimlari 8-9 grammgacha chiqmoqda. Har bir chanoqdagi chigitlar soni esa 10 tagacha yetgan.
Sir emas, Oʻzbekistonda maydonga ketma-ket ekiladigan paxta va gʻalla yerning kuchini “soʻrib” oladi. Tuproqning quvvati shu paytgacha asosan mineral oʻgʻit bilan toʻlatilyapti. Yozyovonlik fermer boshqacha yoʻl tutdi, yaʼni dalaning oʻzida tabiiy oʻgʻit yaratdi.

–Avvallari yerning hosildorligini oshirish uchun oʻgʻit koʻp solish zarur edi. Hozir esa paxtasi terib olingan maydonlardagi gʻoʻza poyalarini maydalab qirqib yerga sochib yuboryapmiz, – deydi Vohidjon. – Bu avvalo tuproq tarkibini oʻzgartirdi, uning unumdorligi oshdi. Masalan, ilgari don ekishdan avval har bir gektar yerga 1 tonnadan fosfor solish talab etilgan. Hozir biz 500 kilogrammga keltirdik. Sababi uning oʻrnini maydalab sochilgan gʻoʻza poyasi qopladi.
Aslida fermerdan daromadi haqida soʻramoqchi emasdik. Ammo uning oʻzi bu haqida soʻz ochdi.

–Oʻtgan yili paxtaning oʻzidan 1,5 milliard soʻm sof daromad koʻrdik. Bu yil 2 milliard soʻmdan ortishi kutilmoqda. Gʻoʻza poyasini maydalab yerga sochganimiz tufayli paxta oʻrniga ekilgan dondan oʻtgan yili oʻrtacha 70-80 sentnerdan, bu yil esa 92-95 sentnerdan hosil oldik. Gʻallaning oʻzidan fermer xoʻjaligimiz 1,5 millard soʻm sof daromad koʻrdi. Yillik daromadimiz esa 3 milliarddan oshadi, – deydi fermer.
Texnika – dehqonning qanoti, degan gaplar bejiz aytilmagan. 140 gektar maydonda dehqonchilik qilish, paxta va gʻalladan rekord xosil olish uchun soz va zarur texnik vositalar boʻlishi lozim. Fermer avvalgi yillar daromadini asosan shunga yoʻnaltirdi.
Yuqori unumli texnikalar oldi. “Puma”, “Nyu holding” sotib oldi. Makka oʻradigan va silos qiladigan kombayni bor. Yaqinda koʻrak sidiradigan mexanizm ham olib kelishdi. Chopiq va transport traktorlari, OVX bor. Texnika masalasida klasterdan yordam olmay qoʻydilar. Chunki texnikaga ehtiyoj qanoatlantirilgan.
Fermer xoʻjaligidagi ekin maydonlari asosan 10 gektardan katta, qolaversa chorburchak. Vohidjonning aytishicha, kelasi yil bu paxta maydonlariga terim mashinalari tushadi.
– Hozir shu maslani muhokama qilyapmiz, – deydi u. –Muhtaram Prezidentimiz Oʻzbekiston sharoitida paxtadan 50-60 sentner, gʻalladan esa 100-120 sentner hosil olish mumkin deganlar. Biz bu gaplar haqiqat ekanini isbotladik, – deydi Vohidjon Obidov faxr bilan. – Uchinchi yildirki 50-60 sentnerdan paxta olyapmiz. Gʻallada esa 95 sentenrlik marrani egalladik. Xudo hohlasa uni ham 100-120 sentnerga chiqaramiz.
Siz, aziz dehqonlarimizga esa aytar soʻzimiz shu: Fargʻonaning Yozyovoniga keling, “Mezon” fermer xoʻjaligi tajribasini oʻrganing!
<iframe width="1280" height="720" src="https://www.youtube.com/embed/g_kRvKttmg0" title="GEKTARIDAN 60 SENTNER PAXTA – BU HAQIQAT!" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov,
Elyor Olimov (video), O‘zA