Anklav “xaritalanmagan kon maydoniga” aylandi. G‘azo sektorini minadan to‘liq tozalash uchun 20-30 yil kerak bo‘lishi mumkin.
Bu haqda "Reuters" agentligi "Humanity & Inclusion" xalqaro tashkilotiga tayanib xabar bergan.
Tuzilma matbuot kotibi Nik Orr aytishicha, Isroil va HAMAS o‘rtasidagi ikki yillik urush davomida portlamay qolgan o‘q-dori aholi uchun asosiy tahdidlardan biriga aylangan. BMT ma’lumotiga ko‘ra, urushning portlovchi qoldig‘idan hozirgacha kamida 53 kishi halok bo‘lgan, yuzlab odam yaralangan.
- Minadan butunlay tozalash haqida gap bo‘lishi mumkin emas, bu jarayon hech qachon tugamaydi, yer ostidagi o‘q-dorini keyingi avlodlar ham topishadi, - deydi mulozim. - Faqat sirtqi qismni tozalashga taxminan 20-30 yil ketadi. Bu vaziyatni Ikkinchi jahon urushidan keyingi Britaniya shaharlari holati bilan taqqoslasa bo‘ladi.
Yaqin kelajakda tashkilotning yetti a’zosi muhim infratuzilma ob’ektlari, jumladan shifoxona va novvoyxonalarni o‘rgana boshlaydi. Binobarin, gumanitar tashkilotlar Isroil rasmiylaridan ish olib borish va hududga zarur jihozlar olib kirish uchun hali ruxsat ololmagan.
Orr insonparvarlik missiyalari xavfsizligini ta’minlash uchun AQSH taklif qilgan 20 banddan iborat otashkesim rejasida ko‘zda tutilgan muvaqqat xalqaro kuchlar yaratilishi zarurligiga ham urg‘u berdi:
- G‘azoda tinchlik o‘rnatilishi uchun gumanitar tashkilotlar ishlashiga imkon beradigan kuch bo‘lishi kerak. "Humanity & Inclusion" hozir jangarilar keyinchalik foydalanishi ehtimolini istisno qilish uchun o‘q-dorini portlatmay, xavfsiz yoqish imkonini beruvchi maxsus qurilmalar yetkazib berishga ruxsat so‘ramoqda.
G‘azo fuqarolik mudofaasi tashkiloti 18 oktyabr kuni mintaqada aholi hayotiga tahdid solayotgan 70 000 tonnaga yaqin portlamay qolgan o‘q-dori borligini ma’lum qilgan.
G.Sattorova, O‘zA