AQSH Prezidenti Donald Tramp va Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu tomonidan e’lon qilingan 20 banddan iborat G‘azoda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha yangi reja aksar Yevropa va Yaqin Sharq yetakchilari tomonidan ijobiy baholandi.
“Reuters” xabariga ko‘ra, mazkur hujjat zudlik bilan harbiy amaliyotni to‘xtatish, garovdagilar va mahbuslarni almashish, HAMASni qurolsizlantirish, G‘azoda xalqaro nazorat ostidagi vaqtincha boshqaruv tizimini shakllantirish kabi maqsadlarni ko‘zlagan.

Agar Isroil rejani rasman qabul qilsa, 72 soat ichida barcha garovdagilar – tiriklar va halok bo‘lganlar ham qaytarilishi kerak. Bunga javoban Isroil 250 nafar umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan falastinlik mahbusni va 1 700 dan ziyod g‘azolikni ozod qiladi.
“Euronews” Qatar, Eron, Misr kabi arab davlatlari bu qarorni “tinchlikka qaratilgan samimiy harakat” sifatida baholab, rejani amalga oshirishga tayyorligini bildirganini yozdi.

Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Trampning sa’y-harakatini olqishladi va mamlakati ushbu diplomatik jarayonda faol ishtirok etishiga ishora qildi.
Binobarin, G‘azoda rejaga nisbatan shubha bor. “The Guardian” chop etgan maqolada aytilishicha, aholining bir qismi “ba’zi noaniqlikka nisbatan” salbiy fikrda.
Ayni payt Netanyaxu ham rejani “tinchlik uchun imkoniyat” deb atadi. Shu bilan birga, mabodo HAMAS taklifni rad etsa, harbiy harakat davom etishini qayd etdi.
Shuningdek, yangi loyiha bo‘yicha G‘azo boshqaruvi vaqtincha “texnokrat falastinlik qo‘mita”ga topshirilishi, qo‘mitani “Xalqaro tinchlik kengashi” (Board of Peace) nazorat qilishi mo‘ljallangan. Jumladan, Birlashgan Qirollik sobiq bosh vaziri Toni Bler ham kengash tarkibiga kiritilishi mumkinligi aytilmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA