G‘azo hukumati ma’lum qilishicha, Isroilning ikki yillik hujumlaridan so‘ng sektorda 20 mingta portlamagan o‘q-dorilar va shuningdek, uylar, binolar va inshootlarning taxminan 70 million tonna vayronalari qolgan.
Sektor ikki yil davomida Isroilning havo va qurolli hujumlariga duch kelgan eng yirik gumanitar falokatni boshdan kechirmoqda.
Rasmiy bayonotda aytilishicha, Isroil tomonidan amalga oshirilgan bombardimonlardan so‘ng sektorda taxminan 20 mingta portlamagan o‘q-dori qolgan va ularni yo‘q qilish uchun maxsus mutaxassislar- sapyorlar guruhlari kerak. Hukumatning ta’kidlashicha, vayronalarni tozalash ishlarida jiddiy muammolarga duch kelmoqda. Isroil qutqaruv va tiklash ishlari uchun zarur bo‘lgan og‘ir texnika va jihozlarni kiritishga to‘siq bo‘lmoqda. Yopiq chegara bo‘limlari tufayli vayronalar ostida qolgan jasadlarni chiqarish uchun zarur texnikani olib kelishning iloji yo‘q.
Shuningdek, G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qilishicha, Isroil hali ham sektorga zarbalar bermoqda. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi bir kecha-kunduz ichida 23 nafar falastinlik halok bo‘lgan, yana 122 kishi yaralangan.
Ikki yil davom etgan Isroil hujumlari natijasida G‘azo sektorida jami 67 967 nafar falastinlik halok bo‘lgan, yana 170 179 nafar kishi yaralangan.
9 oktyabr kuni AQSH prezidenti Donald Tramp Isroil va HAMAS harakati o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvning birinchi bosqichi tasdiqlanganini ma’lum qildi. Muzokaralar Misrda o‘tkazilgan. Isroil hukumati kelishuvni tasdiqlagandan so‘ng, u 10 oktyabrda kuchga kirgan.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/qb1U1vUpjGo" title="G‘azoda minglab portlamagan snaryadlar qolgan" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov,
Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA