G‘azoda gumanitar halokat qachon tugaydi?
G‘azo sektoridagi ziddiyat tobora chuqurlashib, gumanitar halokat darajasiga yetdi. So‘nggi kunlardagi fojiaviy voqealar, jumladan, oziq-ovqat kutayotgan tinch aholi ustiga o‘q yog‘dirilishi nizoning zudlik bilan to‘xtatilishi zarurligini yana bir bor ko‘rsatdi.
Shanba kuni Isroil askarlari G‘azoda oziq-ovqat olmoqchi bo‘lgan fuqarolarni o‘qqa tutib, 32 kishini o‘ldirdi. Yakshanba kuni esa BMT yordam karvonini kutayotgan odamlar orasida boshlangan tartibsizlik vaqtida yana 93 kishi halok bo‘ldi. Urushdan charchagan aholi har qanday yordam uchun kurashmoqda, lekin tartibni saqlashga mas’ul askarlar bunga tayyor emas.

Ikki yillik mojaro natijasida G‘azo tartibsizlik va ommaviy ocharchilikka yuz tutdi. Isroil Gumanitar yordam jamg‘armasi (GHF) orqali oziq-ovqat yetkazishni yo‘lga qo‘ydi, biroq taqsimot markazlari kichik, soatlari cheklangan va xavfsizlik zaif. Bu muammoni harbiy kuch bilan hal qilishga urinish esa talafotlarga olib kelmoqda.
Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi Rafohdagi shifoxonada 3 mingdan ortiq yaradorni qabul qildi, 250 dan ortiq o‘lim qayd etildi. Irlandiyalik fizioterapevt Rike Xeyz bu yerdagi holatni “har kuni takrorlanadigan dahshat” deb ta’rifladi.

Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant G‘azoda urushdan keyingi boshqaruv rejasini taklif qilgandi, lekin Bosh vazir Netanyahu tomonidan bu reja rad etilib, Gallant iste’foga chiqarilgan. Xavfsizlik xizmati rahbari Ronen Bar ham muqobil boshqaruv variantlarini ilgari surgan, biroq u ham lavozimidan ozod qilingan.

– Isroil Mudofaa Kuchlari (IDF) jangovar armiya, lekin u tinch aholiga yordam ko‘rsatish yoki tartibni saqlashga moslashmagan, - deya tan oladi Isroil askarlaridan biri. – Tank yoki qurol-aslaha bilan och qolgan odamlarni qo‘rqitish insoniylikdan emas.

Xulosa qilib aytganda, aholi ham, harbiylar ham bu nizoning yakunlanishini istaydi. Tinchlik va insoniylikka qaytish – yagona yo‘l.
Musulmon Ziyo, O‘zA