G‘azo: Urush qog‘ozda tugadi, ammo amalda…
Isroil va HAMAS o‘rtasida 10 oktyabr kuni e’lon qilingan sulhga qaramay, G‘azoning ayrim hududlari yer bilan yakson qilinmoqda. "BBC Verify" tahliliga ko‘ra, Isroil armiyasi nazorati ostidagi hududlarda 1 500 dan ortiq bino vayron etilgan.
Sun’iy yo‘ldosh tasviri shuni ko‘rsatadiki, avvalgi janglarda zararlanmagan ko‘plab inshootlar endi atay portlatilgan yoki maxsus texnika yordamida buzilgan. Ayrim joylarda, xususan Xon Yunis va Rafoh yaqinida butun-butun mahallalar xaritadan o‘chgan.

Ma’lumki, AQSH, Misr, Qatar va Turkiya vositachiligida tuzilgan sulhda “har qanday harbiy amaliyot, jumladan bombardimon to‘xtatiladi” deya qayd etilgan. Shunga qaramay, Isroil mudofaa kuchlari “demilitarizatsiya jarayoni” doirasida harakatlanayotgani aytilmoqda.
Mamlakat mudofaa vaziri Isroil Kats 18 oktyabr kungi bayonotida “G‘azoni harbiy infratuzilmadan tozalash Isroil xavfsizlik siyosatining bir qismidir” degandi. Xalqaro huquqshunoslar esa bunday harakatni fuqarolik mulkiga qarshi noqonuniy ish sifatida baholamoqda.

Yevropa Kengashi tashqi siyosat bo‘yicha eksperti Xyug Lovatt ogohlantirishicha, ayni amaliyot kelishuv barqarorligiga tahdid solmoqda.
– Isroil kuchlari orqaga chekinishni cho‘zishi sektorda yangi “doimiy haqiqat yaratish harakati" tarzida talqin qilinyapti. Natiajada tinchlik yanada mo‘rtlashyapti.
Xullas, urush rasman tugagan bo‘lsa-da, G‘azoda portlash, chang-to‘zon va vayronagarchilik davom etmoqda. Sulh muddati qog‘ozda amal qilayotgan bo‘lishi mumkin, biroq Falastin osmoni hali tinch emas.
Musulmon Ziyo, O‘zA