Gazlida kengaytirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi
Inson salomatligiga e’tibor — jamiyat taraqqiyotining eng muhim mezonlaridan biri. Chunki sog‘lom inson bor joyda oila farovonligi, mehnat unumdorligi, xotirjam hayot va ertangi kunga ishonch bor.
Bugun mamlakatimizda tibbiyot tizimini aholiga yanada yaqinlashtirish, kasalliklarning oldini olish va ularni ilk bosqichlarda aniqlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri ham — sifatli tibbiy xizmatni insonga yaqinlashtirish, ayniqsa, chekka hududlarda yashovchi aholi uchun malakali tibbiy yordam imkoniyatlarini kengaytirishdir. Bu ezgu maqsadning amaliy ifodasi sifatida Buxoro shahridan 100 km uzoqlikda joylashgan Romitan tumanining Gazli shahrida kengaytirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Buxoro viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Muxsin Rajabov rahbarligida viloyatdagi tibbiyot muassasalarining malakali va tajribali shifokorlaridan iborat katta jamoa Gazli aholisi salomatligini chuqur o‘rganishga kirishdi. Bu oddiy tibbiy ko‘rik emas. Bu — shifokorning bemorni kutib o‘tirmasdan, uning huzuriga borishi, kasallikni asoratlari bilan emas, ilk belgilari bilan aniqlashga intilishi, tibbiy yordamni inson yashaydigan manzilga yaqinlashtirish demakdir.


Ko‘rikning asosiy maqsadi — aholi salomatligini har tomonlama o‘rganish, turli kasalliklarni erta aniqlash, profilaktik choralarni belgilash va zarur tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish.
Gazliliklar terapevt, pediatr, kardiolog, nevrolog, oftalmolog, otorinolaringolog, infeksionist, endokrinolog, ginekolog, urolog, jarroh, travmatolog-ortoped, pulmonolog, nefrolog, onkolog, dermatolog va boshqa tor soha mutaxassislari ko‘rigidan o‘tdi.
Tasavvur qiling: bir hududda yashovchi aholi uchun bir vaqtning o‘zida o‘nlab yo‘nalishdagi malakali shifokorlar xizmat ko‘rsatmoqda. Bu avvalo, vaqtni tejaydi, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini oladi va eng muhimi, insonga o‘z salomatligiga befarq bo‘lmaslik imkonini beradi. Zero, ko‘plab kasalliklar o‘zini dastlab sezilarli belgilar bilan namoyon qilmasligi mumkin. Shu bois profilaktik ko‘rik — kasallikni davolashdan oldin uning oldini olish, salomatlikdagi muammoni erta payqash uchun muhim qadamdir.
Ko‘rikning yana bir muhim jihati — tibbiy xizmatlar faqat Markaziy poliklinika bilan cheklanib qolayotgani yo‘q. Shifokorlar aholi xonadonlariga ham chiqmoqda. Ayniqsa, yoshi ulug‘, harakatlanishi cheklangan yoki salomatligi tufayli tibbiy muassasaga mustaqil ravishda borish imkoniyati bo‘lmagan fuqarolar uyida ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.Bu — tibbiyotda insonparvarlik tamoyilining amaliy ko‘rinishi. Zero, bemorning shifokor oldiga kelishini kutishdan ko‘ra, shifokorning ehtiyojmand inson huzuriga borishi ba’zan eng muhim tibbiy yordamning o‘zi bo‘lishi mumkin.


Ko‘rikning samaradorligini oshirish maqsadida joyning o‘zida UZI, EKG, laboratoriya va boshqa zarur tibbiy-diagnostik tekshiruvlar ham amalga oshirilmoqda. Ya’ni fuqaro bir tekshiruv uchun bir joyga, natijasini olish uchun boshqa joyga, mutaxassis qabuli uchun yana boshqa manzilga borib yurishiga hojat qolmaydi.
Ko‘rik jarayonida salomatligida muayyan muammo aniqlangan fuqarolarga zarur tavsiyalar berilib, ular tegishli mutaxassislar nazoratiga olinmoqda. Zarur hollarda esa bemorlarni Buxoro viloyatidagi ixtisoslashtirilgan tibbiy muassasalarga yo‘llash, qo‘shimcha tekshiruvlar o‘tkazish va davolash choralarini belgilash bo‘yicha aniq tibbiy marshrutlar shakllantirilmoqda. Bu esa tibbiy ko‘rikni shunchaki tekshiruv emas, balki aniqlash — baholash — yo‘llash — davolash — nazorat qilish tamoyiliga asoslangan yaxlit jarayonga aylantiradi.
Bugun yurtimizda sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar aynan shu maqsadga — inson salomatligini asrash, sifatli va malakali tibbiy yordamni aholiga yanada yaqinlashtirishga qaratilgan. 2026-yilda ham tibbiy xizmatlar sifati, samaradorligi va aholi uchun qulayligini oshirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar belgilangan.


Gazli shahridagi kengaytirilgan tibbiy ko‘rik ana shu islohotlarning joylardagi amaliy ko‘rinishlaridan biridir. Bunda gap faqat bugun bir necha yuz yoki minglab insonning ko‘rikdan o‘tishi haqida emas. Gap — erta aniqlangan bir kasallik, o‘z vaqtida berilgan bir maslahat, o‘z vaqtida boshlangan bir davolash jarayoni ortida inson hayoti, oila taqdiri va yaqinlar qalbidagi xotirjamlik turganida.
Shifokor uchun bir qabul — oddiy ish kunining bir qismi bo‘lishi mumkin. Ammo bemor uchun o‘sha qabul butun hayotini o‘zgartirib yuborishi ehtimol. Shu ma’noda, Gazlidagi bugungi tibbiy ko‘rik — inson hayotiga, uning salomatligi va kelajagiga bo‘lgan e’tiborning yuksak ifodasidir. Zero, sog‘lom millat, farovon oila va obod jamiyatning eng mustahkam poydevori sog‘lom insondir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri