Gazetalar raqamli dunyoda yo‘qolib ketadimi?!
So‘nggi yillarda internetning keskin taraqqiyoti, axborot texnologiyalarining kundalik hayotimizga chuqur singib borishi natijasida an’anaviy ommaviy axborot vositalari, xususan, gazetalar jiddiy sinovlar qarshisida qolmoqda. Yangiliklar, maqolalar, hatto kitoblarni mobil ilovalar, audiokitoblar, elektron kutubxonalar orqali o‘qish va eshitish imkoniyatining paydo bo‘lishi gazetalar faoliyatiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatmoqda. Endilikda ko‘pchilik shaxsiy mobil qurilmasi orqali dunyo voqealaridan xabardor bo‘lishni afzal biladi. Bu holat esa “Gazetalar yo‘q bo‘lib ketadimi?” degan savolni keltirib chiqarmoqda.
Gazeta va jurnal ilk bor paydo bo‘lgan davrlarda ham shunga o‘xshash xavotirlar mavjud edi. Ayrim adabiyotshunoslar va faylasuflar matbuotning rivojlanishi kitoblarning qadrsizlanishiga olib keladi, deb o‘ylashgan. Biroq vaqt o‘tishi bilan bu fikrlar asossiz ekani isbotlandi. Kitob nafaqat o‘z o‘rnini saqlab qoldi, balki madaniy hayotning ajralmas qismiga aylandi. Demak, yangi axborot vositalarining paydo bo‘lishi eski formatlarning butkul yo‘q bo‘lib ketishiga emas, balki ularning o‘zgarishiga, yangilanishiga sabab bo‘ladi.

Gazeta – bu shunchaki yangilik tarqatuvchi vosita emas. U ijtimoiy fikr shakllanishiga xizmat qiluvchi, jurnalistik tahlil, muallif fikri, chuqur yondashuvni o‘zida mujassam etgan axborot manbai. Gazetalar orqali voqealar keng kontekstda, tarixiy, siyosiy va ijtimoiy tahlillar bilan yoritiladi. U bugungi tezkor, ammo ko‘pincha yuzaki xabarlar oqimidan farqli ravishda chuqur mushohada, tahlil va bahs-munozaraga asoslanadi.

Gazetaning umrboqiyligini ta’minlash, uni kelajak avlodlar ongida saqlab qolish uchun avvalo ma’lum qadar raqamli formatga ham moslash kerak. An’anaviy gazeta bosma nashr sifatida saqlanishi bilan birga, u zamonaviy raqamli texnologiyalar bilan hamnafas bo‘lishi lozim. Raqamli gazetalar, mobil ilovalar, interaktiv kontentlar orqali auditoriyaga yetib borish zamon talabi.
Gazeta yangilikni emas, balki uning tahlilini, sabab va oqibatini, muhim faktlar asosidagi fikrlarni yetkazishi bilan raqobatda ustunlikka erisha oladi. Har bir maqola mazmuniga chuqur e’tibor qaratish, tahliliy mazmunga ega maqolalar orqali gazetxon saviyasi va bilimi yuksalishiga ma’lum qadar hissa qo‘shish mumkin.
Har bir hududga xos muammolar, madaniyat, qadriyatlar haqida yorituvchi gazetalar aholining ishonchini qozonishi va auditoriyani saqlab qolishi mumkin. Qolaversa, xorijning yirik, o‘z mavqeini raqamli dunyoda dadil himoya qilayotgan gazetalarining ish uslubi va yo‘nalishidan namuna olish lozim. Chet elda nashriyotlar o‘quvchini qiziqtirish uchun ma’lum vaqtlarda metro va poyezdlarda tekin gazeta tarqatishi yoki gazetalar krosvord va qismli qiziq hikoyalar bilan ham boyitilishi mumkin.
Demak, gazetalar butkul yo‘q bo‘lib ketmaydi. Ular yangilanadi, zamon bilan hamnafas bo‘ladi, lekin o‘z mohiyatini – ijtimoiy fikr tarbiyachisi, axborot vositasi va madaniy qadriyat sifatidagi o‘rnini saqlab qoladi. Aslida, muammo gazetada emas, uni jamiyatda qanday qabul qilishimizda. Agar biz gazetani faqat yangilik manbai deb emas, balki madaniy-ma’naviy qadriyat sifatida qadrlasak, uni asray olamiz. Shu bois, gazetachilikni rivojlantirish – bu nafaqat jurnalistlarning, balki har bir ongli insonning vazifasi.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA