Bugun hayotimiz shiddat bilan o‘tmoqda, taraqqiyotning odimlari ham kundan kunga tezlashmoqda.
Atrofimizdagi jarayonlar, voqea-hodisalar haqida ma’lumotlar, ayniqsa, internetdagi saytlar, ijtimoiy tarmoqlarda axborotlar juda ko‘pki, ularni o‘zlashtirib, anglab olishga ham ulgurishimiz qiyin kechmoqda.
Mana shu jarayonda jamiyatimiz hayotida bosma nashrlar – gazeta va jurnallarga talab va ehtiyoj susaygani ham bor gap. Lekin mana shunday vaziyatda, aniqrog‘i bozor iqtisodiyotiga o‘tish davrida gazeta va jurnallardan voz kechish qanchalik to‘g‘ri bo‘ladi.
Shu o‘rinda mulohaza tug‘iladi. Internet tarmog‘i Yaponiya, Koreya, Germaniya singari davlatlarda bizdan ko‘ra, o‘n, yuz marta yuqori darajada rivojlanganini ham hech kim inkor etmasa kerak. Lekin o‘sha davlatlarda minglab nomdagi gazeta va jurnallar million-million nusxada, hatto bir kunda ikki marta ertalabki va kechki sonlari chop etilmoqda.
Bugun biz boshimizdan o‘tkazayotgan rivojlanish bosqichini ana shu davlatlar bundan yigirma, o‘ttiz, ellik yil avval o‘tkazgan, internet to‘la-to‘kis hayotlariga kirib borgan bo‘lsa-da, ular nafaqat axborot manbai, balki insonga ulkan ma’naviy ozuqa beruvchi, tafakkurini charxlovchi, tahlil qilishga, oq-qorani ajratishga ko‘mak beruvchi kitob, gazeta va jurnal o‘qishni chetga surib qo‘ymagan.
Ming afsuski, bugun ko‘plab mutasaddi rahbarlar, keng jamoatchilik, ayniqsa, ziyolilar matbuot nashrlaridan osongina voz kechmoqda. Qator hukumat qarorlari chiqqan, kitob o‘qishni targ‘ib etishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilsada, yillar davomida birorta ham kitob o‘qimay qo‘ydik. O‘qituvchi, shifokor, qo‘yingki, ziyolilar kitob, gazeta o‘qimasa, u faoliyatini qanday samarali olib bora oladi, farzandlariga, yosh avlodga odob-axloqdan, tarbiyadan qanday saboq berishi mumkin? To‘g‘ri, kun o‘taveradi, kichik-kichik xatolarimiz ko‘zga ko‘rinmasligi mumkin, mayda chuyda, deb bilgan ana shu jihatlarga e’tiborsiz qarasak ham hayotimiz o‘taveradi. Biroq yillar o‘tib, ana shu xatolarimiz, e’tiborsizligimiz tarbiyada, odob-ahloqda, o‘zligimizni anglash, milliy qadriyatlarimizni ulug‘lashda tuzatib bo‘lmaydigan holatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Ehtimol, gazeta, kitob o‘qimay qo‘yganligimiz uchun bugun ajrimlar tobora ko‘payib, jinoyatchilik ortib borayotgandir.
Gazeta, kitob o‘qigan inson hech qachon yomon bo‘lmaydi, qing‘ir yo‘lga yurmaydi. Asrlar davomida anglangan mana shu tarixiy haqiqatni unutmasak bo‘lgani.
Andijonda 2022 yil uchun matbuot nashrlariga qilingan obuna bo‘yicha ma’lumotlar bilan tanishib, avval bu haqda ko‘p yozilgan, gapirilgan bo‘lsa-da, ushbu mavzuda yana va yana gapirish lozim, degan fikrga keldim.
To‘g‘ri, bugungi kunda butun respublikamizda bosma nashrlar qiyin sharoitda faoliyat yuritmoqda. Lekin Andijonda bu boradagi ishlar o‘ta ayanchli holga tushib qolgan. O‘tgan yili Andijonda tuman, shahar hokimliklari muassisligidagi hamda tarmoq gazetalari belgilangan davriylikda chop etilmadi. Aksariyat gazetalar oyda bir yoki ikki marta juda oz sonda nashr etildi. Deyarli barcha tahririyatlar 2021 yilda xodimlariga ish haki to‘lay olmadi, bosmaxonadan qarzdor bo‘ldi. “Andijonnoma” gazetasi ma’lum muddat chop etilmay qoldi. Yil davomida “Andijanskaya pravda”, “Ulug‘nor”, “Xonobod sadosi” gazetalarining bir nechta soni chop etildi xolos. Tuman, shahar gazetalarining muassisi bo‘lgan tuman, shahar hokimliklari esa tahririyatlarga umuman e’tibor qaratmadi. Faqat bir nechta tuman hokimliklari o‘z gazetalarining chiqishiga oz bo‘lsa-da, ko‘mak berib turganligini ham inkor etmaslik lozim.
Joriy yilning birinchi xaftasi ham tugadi. Yil boshida viloyatdagi birorta tuman gazetasi chop etilmadi. Sababi mablag‘ yo‘q, obuna bo‘lmadi.
“Andijon Matbuot tarqatuvchi” MCHJ hamda viloyat pochtasi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 3,5 million nafar aholi yashaydigan viloyatda 2022 yil uchun viloyatning bosh nashri – “Andijonnoma” gazetasiga 1 ming 922 nusxa, “Andijanskaya pravda” gazetasiga 207 nusxa, “Ulug‘nor” gazetasiga 1 nusxa, “Asaka hayoti” gazetasiga 2 nusxa, “Andijon tongi” gazetasiga 36 nusxa, “Buloqboshi” gazetasiga 15 nusxa, Izboskan tumani “Paxtakor” gazetasiga 21 nusxa, qolgan tumanlarda ham 100-200 nusxa atrofida obuna bo‘lingani, “Xonobod sadosi”, Paxtaobod tumani “Davr sadosi”, “Oltinko‘l” gazetalariga esa umuman obuna bo‘linmaganligini qanday tushinish mumkin?
Ushbu raqamlarni ko‘rgan har qanday kishida endi Andijonda bosma nashrlar yopilib ketar ekanda, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Lekin gazetalar jamiyatning bir bo‘lagi, jamiyat ravnaqi uchun xizmat qiladigan vosita. Qolaversa, davlat siyosati, milliy va istiqlol g‘oyalari targ‘ibotchisi, yurtning bugungi kunini, jamiyatdagi jarayonlarni tarixga muhrlaydigan, kamida 80-100 yillik tarixga ega tuman, shahar gazetalarining chiqmay qolishiga eng avvalo, muassislar, qolaversa, keng jamoatchilik, ziyolilar befarq qarab turmasligi lozim. Gazetalarga obuna bo‘lish, ularni qo‘llab-quvvatlash zarur.
Shu o‘rinda gazetalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha quyidagi taklifni bildirmoqchiman. Agar muassislar, ya’ni tuman, shahar hokimliklari o‘z nashrlarini muntazam chop etilishi uchun zarur mablag‘ bilan ta’minlamas ekan, unda gazetani chop etish xarajatlari Xalq deputatlari tuman, shahar kengashlarining qarori bilan mahalliy byudjetning orttirib bajarilgan qismi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilsa, chop etilgan gazetalarni maktab, bog‘cha, shifoxona va mahallalarga bepul tarqatish tartibini yo‘lga qo‘yish orqali gazetalarni saqlab qolish mumkin bo‘lar. Bu taklifni amalga oshirish masalasi albatta, hokimliklar, deputatlar, qolaversa, keng jamoatchilikka bog‘liq.
Nima bo‘lganda ham tuman, shahar gazetalarining yopilib ketishiga tomoshabin bo‘lib qarab turmasligimiz lozim.
Faxriddin UBAYDULLAEV, O‘zA