Gazeta tahririyati kutubxonalarga ko‘maklashmoqda
“Guliston hayoti” gazetasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining “Yoshlarning muammolarini hal qilishga, tashabbuslari va zamonaviy g‘oyalarini ilgari surishga qaratilgan loyihalarini qo‘llab-quvvatlash” shiori ostida o‘tkazilgan 1-tanlovida «Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashmoq zamon talabi» loyihasi bilan ishtirok etib, 180 million so‘m grant mablag‘i g‘olibi bo‘ldi.
– Loyihaga asosan tumandagi 3 ta mahalla fuqarolar yig‘ini binosiga kutubxona jihozlari va kitoblar taqdim etish, 3 ta maktab va 3 ta bog‘chaning kitob fondini yangilash rejalashtirilgan,–deydi "Guliston hayoti" gazetasi bosh muharriri Bahriniso Norjigitova. – Guliston tumanidagi Beshbuloq, Boyovut va Hamid Olimjon mahallalarida 20 ming nafardan ziyod aholi yashaydi. Ushbu aholi o‘rtasida suhbat olib borilganda kitob mutolaa qilish uchun kutubxona zarurligi aytildi.

Kutubxona nafaqat ushbu mahallalarda mavjud emas, balki shu hududlarda faoliyat yuritayotgan 3 ta maktab, 3 ta bog‘cha kutubxonalari ham yaqin o‘rtada yangi kitoblar bilan boyitilmagan. Loyiha muallifi tomonidan Boyovut mahallasidagi 24- va 15-MTM, Beshbuloq mahallasidagi 29-maktab, 13- MTM, Hamid Olimjon mahallasidagi 13-maktab va 8-MTM qoshidagi kutubxonalarning ham kitob fondi nochorligi tahlil qilindi.

H. Olimjon mahallasida mahalla kutubxonasini ochish tantanasi dastlab aholining 5000 qadam yurish tadbiri bilan boshlandi.
So‘ngra kutubxonaning ochilishida tuman hokimi O‘lmasjon Mamadaminov, mahalla faollari ishtirok etdi. Ma’naviy-ma’rifiy tadbirning ahamiyati ta’kidlanib, aholi mahalla binosiga faqat murojaat uchungina emas, balki kitob mutolaasi uchun ham kelishi mumkinligi, buning uchun sharoit yaratganligi uchun “Guliston hayoti” gazetasi tahririyatiga minnatdorchilik bildirildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri