Gazdan o‘g‘rincha foydalanish tizimga 1 milliard so‘mdan ortiq zarar keltirdi
Energetika vazirligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq holat aniqlangan.
Nazorat tadbiri “Hududgaz Toshkent” GTFning komplayens nazorat tuzilmalari, tuman gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishtirokida o‘tkazilgan.
Tekshiruv davomida “Qoronko‘l” MFY hududida fuqaro X.B.ga tegishli dala hovli ko‘zdan kechirilgan. U yerda zarur loyiha-texnik hujjatlarsiz tabiiy gazdan foydalanib kelingani aniqlangan.
Qoidabuzarlik yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirilib, dastlabki hisob-kitoblar asosida 1 milliard 52 million so‘mlik zarar aniqlangan.
Holat bo‘yicha to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan. Ayni paytda hududlarda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlashga qaratilgan nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.
N.Ziyodullayeva tayyorladi.
O‘zA