Gaz yetib bormagan hududlarda elektr energiyasi uchun chegirma joriy etilishi mumkin
Joriy yilning 27-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aholini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash, ayniqsa, tabiiy gaz tarmog‘i yetib bormagan hududlarda yashovchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator vazifalar belgilandi.
Mazkur topshiriqlar ijrosi doirasida energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev elektr energiyasi tariflarini takomillashtirish bo‘yicha rejalashtirilayotgan o‘zgarishlar haqida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi yondashuvning asosiy maqsadi tabiiy gaz tarmog‘i yetib bormagan hududlarda yashovchi aholi uchun energiya resurslaridan foydalanishda adolatli va manzilli tarif tizimini shakllantirishdan iborat.
–Davlatimiz rahbari haqiqiy vaziyatni yaxshi bilganlari uchun bizga shunday topshiriq berdilar. Hozir mamlakatda qariyb 2 mingta mahallaga tabiiy gaz yetib bormagan. Bu hududlardagi aholi allaqachon uylarini elektr energiyasi bilan isitib kelmoqda. Biroq, ular elektr energiyasi uchun hech qanday chegirmasiz, to‘liq tarif bo‘yicha to‘lov qilib kelyapti.
Bizga berilgan vazifa hududning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib tarif siyosatini qayta ko‘rib chiqishdan iborat. Ya’ni, turar joyning ko‘p qavatli yoki yakka tartibdagi uy ekani, hududning energiya resurslari bilan ta’minlanganlik darajasi kabi omillar asosida individual tariflash tizimi yaratiladi.
Tabiiy gaz yetib bormagan va isitish uchun elektr energiyasidan foydalanayotgan iste’molchi elektr energiyasi uchun chegirma olish huquqiga ega bo‘lishi kerak, – deya qayd etdi Sherzod Xo‘jayev.
Eslatib o‘tamiz, Prezident tomonidan belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash uchun hozirda respublika hududlarida Energetika vazirligi va tizim tashkilotlari mas’ullaridan iborat ishchi guruhlar faoliyat olib bormoqda. Ular joylardagi mavjud holatni o‘rganib, aholi va tadbirkorlarni elektr energiyasi hamda tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash yuzasidan manzilli choralarni ko‘rmoqda.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA