Gaz tarmoqlarini mukammal ta’mirlash davom etmoqda
Buxoro viloyatining bir qator hududlarida 2025 yilda gaz tarmoqlarini mukammal ta’mirlash, qayta rekonstruksiya qilish ishlari boshlab yuborildi.
Jumladan, Buxoro tumanining Mohi Xossa, Sheyxoncha, Ko‘chko‘mar, Buxoro shahrining Sheyxon, Yangiobod mahallalarini gaz bilan ta’minlovchi, yer osti, yuqori bosimli, diametri 530 mmli gaz quvuri rekonstruksiya qilinib, diametri 325-219 mmli gaz quvuri tortilmoqda. Rejaga asosan bir yarim kilometrga yaqin gaz quvurini tortish ishlari belgilangan bo‘lib, hozirgi kunda ishlar jadal davom etmoqda.

Buxoro tumanining Galaosiyo mahallasi Buyuk Ipak Yo‘li, Galaosiyo ko‘chasidan o‘tuvchi yer osti, o‘rta bosimli, diametri 100 mm bo‘lgan gaz quvurining 1 km 300 metrini rekonstruksiya qilish ishlari belgilangan bo‘lsa, bugunga qadar bir yarim kilometrdan ortiq qismi rekonstruksiya qilindi.

– Viloyatning boshqa manzillarida ham bu kabi tizimli ishlar samarali tashkil etilmoqda. Manzilli dasturga asosan joriy yilda 121 kilometrdan ortiq gaz quvurining rekonstruksiya qilish belgilangan. Viloyatning Jondor tumani Oytug‘di mahallasidan tuman markaziga boruvchi o‘rta bosimli, kesimi 530-426 mmli yer osti gaz quvurini rekonstruksiya qilish ishlari davom etmoqda. Bugungi kunda rejalashtirilgan 7 kilometr rekonstruksiya ishlaridan 4,6 kilometri bajarildi, – deydi “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali mas’ul xodimi Akmal Xolov.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.