Gaz tarmoqlari yangilanmoqda
Har qanday hudud taraqqiyotining muhim mezonlaridan biri aholining kommunal xizmatlar bilan barqaror ta’minlanganidir. Ayniqsa, tabiiy gaz ta’minoti tizimining ishonchli faoliyati nafaqat kundalik turmush qulayligi, balki iqtisodiy barqarorlik va ijtimoiy xavfsizlikning ham muhim kafolati hisoblanadi. Shu ma’noda, Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan gaz quvurlari tarmog‘ini rekonstruksiya qilish va modernizatsiyalash ishlari kelajakka qaratilgan strategik ahamiyatga ega loyihalardan biri sifatida e’tiborga loyiq.
So‘nggi yillarda aholi sonining o‘sishi, yangi uy-joy massivlari va sanoat ob’ektlarining ko‘payishi gaz tarmoqlariga tushayotgan yuklamani yanada oshirdi. Shu bois ko‘p yillar davomida xizmat qilib kelgan quvurlarni bosqichma-bosqich yangilash bugungi kunning dolzarb vazifasiga aylangan.
Ayni paytda Kogon shahrining Bunyodkor mahallasi hududidan o‘tuvchi diametri 273 millimetrli magistral gaz quvurini rekonstruksiya qilish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Rejaga muvofiq mazkur quvurning qariyb ikki kilometr qismi to‘liq yangilanadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu tarmoq shaharning katta qismi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lib, rekonstruksiya ishlari yakunlanganidan keyin Kogon shahri iste’molchilariga tabiiy gazni yanada xavfsiz, bosimni barqaror saqlagan holda va uzluksiz yetkazib berish imkoniyati kengayadi.
Eng muhimi, yangi quvurlar yuqori bosimga chidamli, korroziyaga qarshi himoyalangan hamda zamonaviy xavfsizlik talablariga to‘liq javob beradi.
Peshku tumanining Chig‘irchi mahallasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu yerda aholini tabiiy gaz bilan ishonchli ta’minlash maqsadida quvurlar qayta yangilanib, tashqi muhofaza qatlami ham tiklandi.
Mutaxassislarning ma’lum qilishicha, tumanda joriy yil davomida 14 kilometrdan ortiq gaz tarmog‘ini modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. Bu esa yuzlab xonadonlarda gaz bosimining barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Mahallada yashovchi fuqarolarning aytishicha, yangilanish ishlari aholi tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilinmoqda.
–Ilgari qish faslida ayrim paytlarda bosim pasayib qolardi. Endi quvurlar yangilanayotganini ko‘rib, kelgusi mavsumlarda bunday muammolar bo‘lmasligiga ishonchimiz ortmoqda, – deydi mahalla faoli Manzura Xolova.
Romitan tumani Bog‘iturkon mahallasiga qarashli Hazorbog‘ qishlog‘ida ham o‘rta bosimli yer osti gaz quvurini mukammal ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Diametri 159 millimetrli quvurning qariyb uch kilometr qismi modernizatsiya qilinishi rejalashtirilgan. Ushbu loyiha nafaqat mavjud iste’molchilar uchun qulaylik yaratadi, balki kelajakda hududdagi yangi qurilishlar va aholi sonining o‘sishi uchun ham yetarli infratuzilma zaxirasini shakllantiradi.
Gaz ta’minoti filiali mas’ul xodimi Akmal Xolovning fikricha, bugun amalga oshirilayotgan ishlar faqat quvur almashtirish bilan cheklanmaydi.
–Gaz tarmoqlarining modernizatsiyasi nafaqat bugungi ehtiyojlarni qondiradi, balki kelajakdagi o‘sish va rivojlanish uchun ham mustahkam poydevor yaratadi. Vaqtinchalik qazish ishlari yoki harakatdagi ayrim cheklovlar aholiga ma’lum noqulaylik tug‘dirishi mumkin. Biroq bu qisqa muddatli qiyinchiliklar evaziga odamlar yanada xavfsiz, ishonchli va zamonaviy gaz ta’minoti tizimiga ega bo‘ladi, –deydi u.
Mutaxassislar fikricha, har qanday kommunal infratuzilmaning umri cheklangan bo‘ladi. Vaqt o‘tishi bilan metall quvurlarda tabiiy eskirish jarayonlari kuzatiladi. Shu sababli profilaktika va modernizatsiya ishlarini o‘z vaqtida amalga oshirish favqulodda holatlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugun quvurlar yangilanmoqda, yer qazilmoqda, maxsus texnikalar ishlamoqda. Bir qarashda bu oddiy qurilish jarayonidek tuyulishi mumkin. Ammo aslida har bir metr yangilangan quvur ortida minglab oilalarning xavfsizligi, qishning sovuq kunlarida xonadonlarning iliqligi, tadbirkorlik sub’ektlarining barqaror faoliyati
va butun hududning iqtisodiy taraqqiyoti turibdi.
Zamonaviy infratuzilma bu faqat texnik inshoot emas, balki insonlar hayot sifatini belgilaydigan muhim omildir. Shu nuqtai nazardan qaraganda, Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan gaz tarmoqlarini modernizatsiya qilish ishlari hudud rivojiga xizmat qilayotgan eng muhim investitsiyalardan biri hisoblanadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri