Gaz bozoridagi uzoq muddatli tendensiyalar tahlil qilindi
Gaz sohasidagi global jarayonlar va bozordagi o‘zgarishlar energetika yo‘nalishida xalqaro hamkorlikni yanada faollashtirishni taqozo etadi. Shu sababli, mamlakatimizda bu yo‘nalishda qator muhim muloqotlar tashkil etilmoqda.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va Gaz eksport qiluvchi mamlakatlar forumi bosh kotibi Filip Mshelbila o‘rtasida o‘tkazilgan muzokarada ana shunday hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston energetika haftaligi doirasida bo‘lib o‘tgan tadbirda gaz yetkazib berish sohasida tajriba almashish, gaz bozoridagi uzoq muddatli tendensiyalar tahlil qilindi hamda gaz narxlarini prognoz qilish bo‘yicha hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Muloqot yakunida tomonlar qo‘shma texnik uchrashuvlar va maslahatlashuvlarni muntazam tashkil etish muhim ekanini ta’kidladi. Mazkur tadbir gaz sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va bozordagi barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA