Gaz ballon ta’minotida muammo yo‘q
Havo haroratining pasayib sovuq bo‘lishiga qaramay joylarda iste’molchilarga tabiiy gazni bir maromda va muammosiz yetkazib berish maqsadida soha xodimlari samarali ishlamoqda. Mavjud muammolar joyida o‘rganilib, o‘z vaqtida bartaraf etilayotir.

Xususan, Buxoro viloyatidagi “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali va “Kogontumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari tomonidan gaz maromlash qurilmalari nazorat qilinmoqda. Gaz ta’minoti bo‘limida tun-u kun ishlaydigan 5 ta maxsus brigada tashkil etilgan.

– Havo harorati pasaygan, – deydi “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Sirojiddin Avezov. – Iste’molchilarning esa ayni kunlarda gazga bo‘lgan ehtiyoji ortadi. Gaz jihozlaridan to‘g‘ri foydalanish maqsadida gaz ta’minoti xodimlari har qachongidan ko‘ra yanada ko‘proq tushuntirish-targ‘ibot ishlarini olib bormoqda. Asosiy maqsad iste’molchilarning xavfsizligini ta’minlash, mas’uliyatini oshirish, gaz jihozlarining sozligiga e’tibor qaratish ekan, soha xodimlari tomonidan favqulodda vaziyatlarda o‘zboshimchalikka yo‘l qo‘ymay, ta’minot xodimlariga murojaat qilishlari lozimligi tushuntirilmoqda.

Suyultirilgan gaz ta’minotiga moslashtirilgan hudud iste’molchilariga gaz ballonlari belgilangan rejaga muvofiq tarqatilmoqda. Jumladan, Kogon tumani “Siyozipoyon” mahallasining O‘zbekobod qishlog‘idagi 100 dan ortiq xonadon egalari bugun gaz ballonlari bilan ta’minlandi.

– Qor yog‘ishiga qaramay, shuningdek, havo harorati sovuq bo‘lsa-da, gazchilar vaqtida gaz ballonimizni yetkazishdi, – deydi Hurriyat opa Kenjayeva. – Xursandmiz. Shunday sovuq kunlarda, hatto bayramlarda ham gaz ballonlarimizni tarqatishadi. Ularning mehnati sabab bugun qozonimiz qaynayapti, o‘z vaqtida issiq ovqatimiz va choylarimiz tayyor.
Zarif Komilov, O‘zA