Gaz ballon ichidan "opiy" chiqdi
Giyohvand moddalar savdosi va iste’moli qonunga zid bo‘lsada ayrim shaxslar bila turib shu ishga qo‘l uradi. Shunday toifagi shaxslar bilan bog‘liq holat Urgut tumanida yuz berdi.
Tojikiston Respublikasining Dushanbe va Boxtar shaharlarida yashovchi 1978 yilda tug‘ilgan D.O. hamda S.S. propan gaz baloni ichiga yashirincha joylashtirilgan “opiy” giyohvandlik moddasini Tojikistondan O‘zbekistonga olib o‘tishadi va sotish maqsadida Urgut tumanida yashovchi tanishlari 1979 yilda tug‘ilgan M.F.ning yashash xonadoniga kelishadi. Ular propan gaz baloni ichidan giyohvandlik moddalarini olish jarayonida, gaz chaqnashi oqibatida turli darajada kuyish jarohati oladi.

O‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida, propan gaz baloni ichida selofan paketga o‘ralgan 244,19 gramm “opiy” giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda hujjatlashtirildi. Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi tadbirda Ishtixon tumanida yashovchi, 1982 yilda tug‘ilgan Q.A.ning boshqaruvida bo‘lgan “Neksiya-2” rusumli avtomashinada 1 kilogram 8,16 gr. “opiy” giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirib olindi.

Hozirda ushbu fuqarolarga nisbatan, O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zA.