AQSHning Garvard universiteti – jahonga mashhur oliy ta’lim muassasasi hisoblanib, xalqaro reytinglarning eng yuqori o‘rinlarini egallagan. Ushbu oliygohda tahsil olish qanchalar sharaf va mashaqqatli bo‘lsa, Garvard talabalariga dars berish bundanda mas’uliyatlidir.
Devid Bafford – Garvard universiteti professori, katta ilmiy xodimi, nufuzli universitetning taniqli olimlaridan biri. U ilmiy hamkorlik doirasida mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlariga ilk tashrifi sifatida kuni kecha Namangan davlat universitetiga keldi.
Ta’kidlash darkor, janubiy sharqiy Osiyo va Shimoliy Amerika florasi bo‘yicha yetuk mutaxassis sanalgan Devid Bafford ayni paytda Yaponiya, Xitoy, Tayvan, Koreya, Nepal, Shimoliy Amerika kabi qator davlatlardagi flora loyihalarida ishtirok etmoqda.

U 1977 yildan buyon Osiyo qit’asi bo‘ylab turli ilmiy ekspeditsiyalarda ishtirok etgan, yuzdan ortiq ilmiy maqolalar va uslubiy ishlar muallifi.
Yetuk mutaxassis, shuningdek, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Botanika instituti tomonidan ingliz tilida nashr etiladigan ilmiy jurnalning tahrir hay’ati a’zosidir. Namangan davlat universitetida ham tizimli ravishda “Ilmga asoslangan ta’lim” loyihasi amalga oshirilmoqda.

Mazkur jarayonda jahonning 60 dan ortiq mamlakatlarning yuqori malakali ilmiy xodimlari va professorlari ishtirokida mahorat darslari tashkil etilmoqda. Taniqli professorga NamDU biologiya kafedrasi sobiq bitiruvchisi, doktor Ziyoviddin Yusupov hamkorlik qildi. Professor Devid Bafford universitetda biologiya yo‘nalishi talabalari uchun botanika fani bo‘yicha “Xengduan (Xitoy) tog‘ tizmasi – bioxilma-xillikning qaynoq nuqtasi” mavzusida mahorat darsini o‘tdi.
– Namangan davlat universiteti talabalari bilan o‘simliklarni saqlash va ularning ekologiyasini o‘rganish, Xitoydagi tajribalarim, ulardan kelib chiqqan xulosalarim, amalga oshirgan ilmiy tadqiqot ishlarim yuzasidan muloqot o‘tkazdik, – deydi amerikalik taniqli olim Devid Bafford. – O‘zbekistonlik yoshlarning izlanishi, ilm olishga bo‘lgan ishtiyoqi, shijoati va zavqini ko‘rib, talabalik damlarimni esladim. Kelgusida botanika sohasida Namangan davlat universitetining tadqiqotchi olimlari va ilmiy izlanishda bo‘lgan talabalarini Garvard universitetiga taklif etish, hamkorlikda ilmiy loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldik.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.