Garov shartnomasini bekor qilsa bo‘ladimi?
Huquqiy munosabat
Qonunchilikka ko‘ra, garov shartnomasini bekor qilish mumkin, lekin bu bir tomonlama emas, balki qonun va shartnoma shartlariga qat’iy rioya qilgan holda amalga oshiriladi.
Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyev bilan bu borada suhbatlashdik.
–O‘zbekiston qonunchiligida (asosan Fuqarolik kodeksi va “Garov to‘g‘risida”gi qonun) garov shartnomasi odatda ikki tomonlama kelishuv asosida tuziladi, shuning uchun uni bekor qilish ham ko‘pincha ikki tomonning roziligi bilan bo‘ladi.
–Garov shartnomasi qachon bekor bo‘ladi?
–“Garov to‘g‘risida”gi qonunning 32-moddasiga ko‘ra, garov quyidagi holatlarda bekor bo‘ladi.
Xususan, garov bilan ta’minlangan asosiy majburiyat to‘liq bajarilganda, garovga qo‘yilgan mol-mulk nobud bo‘lganda yoki garovga qo‘yilgan huquq bekor bo‘lganda hamda garovga oluvchi (kreditor) o‘z majburiyatlarini qo‘pol ravishda buzgan taqdirda bekor bo‘ladi.
Shuningdek, qarz boshqa shaxsga o‘tkazilganda, agar garovga qo‘yuvchi yangi qarzdor uchun javob berishga rozilik bermagan bo‘lsa va depozitga o‘tkazish yo‘li bilan ham bekor bo‘ladi.
–Qanday tartibda bekor qilish mumkin?
–Ikki tomonlama kelishuv — eng oddiy yo‘l: garovga qo‘yuvchi va garovga oluvchi (masalan, bank) o‘rtasida qo‘shimcha kelishuv tuziladi. Bu kelishuv yozma shaklda bo‘lib, imzolanishi kerak. Agar shartnoma notarial tasdiqlangan bo‘lsa, bekor qilish ham notarius orqali rasmiylashtirilishi mumkin.
Sud orqali bo‘lganda agar ikkinchi taraf rozilik bermasa va qonuniy asos mavjud bo‘lsa, sudga murojaat qilish mumkin. Sud garovni bekor deb topishi va garov reyestridagi yozuvni chiqarib tashlashni buyurishi mumkin.
Garov reyestri — garov ro‘yxatga olingan bo‘lsa, bekor qilingandan keyin reyestrdagi yozuvni chiqarib tashlash kerak, masalan, majburiyat bajarilganda yoki qonuniy asoslarda.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA