G‘arbiy Sohil mojarosi: Fransiya Smotrichning mamlakatga kirishini chekladi
Fransiya Isroil moliya vaziri Bezalel Smotrichning mamlakatga kirishini taqiqladi. Bu qaror G‘arbiy Sohildagi yahudiy manzilgohlari atrofidagi bahslar yanada keskinlashayotgan bir paytda qabul qilindi.
Ma’lumki, G‘arbiy Sohil - Isroil va Falastin o‘rtasidagi nizoning asosiy hududlaridan biri bo‘lib, xalqaro hamjamiyatning katta qismi u yerda yangi manzilgohlar qurilishini qo‘llab-quvvatlamaydi. Rasmiy Parij Smotrichning siyosiy qarashlari Falastin davlati tashkil etish ehtimolini yanada zaiflashtiradi, degan fikrda.
Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro qaror sababini aynan shu masala bilan bog‘ladi. Fransuz rasmiylari Smotrichni G‘arbiy Sohilning bir qismini Isroilga qo‘shib olish g‘oyasini ilgari surishda ayblamoqda. Shuningdek, taqiq faqat vazirning o‘zi bilan cheklanmadi. Yahudiy manzilgohlari harakatlari bilan bog‘liq to‘rt nafar yetakchi va zo‘ravonlikda gumon qilinayotgan yigirma bir kishi ham Fransiya hududiga kirish huquqidan mahrum qilindi.
Bu qaror alohida holat emas. So‘nggi oylarda Buyuk Britaniya, Kanada va Norvegiya ham manzilgohlar bilan bog‘liq shaxslar va tashkilotlarga qarshi cheklovlar joriy qildi. Manzilgohlar — Isroil fuqarolari yashaydigan aholi punktlari bo‘lib, ularning bir qismi xalqaro huquq nuqtai nazaridan bahsli hududlarda joylashgan. G‘arb davlatlari xavotiri shundaki, bunday qurilishlar kelajakda mustaqil Falastin davlatini tashkil etish imkoniyatini yo‘qqa chiqarishi mumkin.
Isroil hukumati esa bu qarorlarga keskin munosabat bildirdi. Rasmiy Tel-Aviv cheklovlarni siyosiy bosim sifatida baholamoqda va ular mamlakatning xavfsizlik hamda hududiy masalalar bo‘yicha pozitsiyasiga qarshi qaratilganini aytmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA