“Gar nolisam, Yaratganga malomatdir...”
Inson dunyoga kelarkan, odatda el-yurtga nafi tegishini, kishilarga yaxshilik qilish, bir so‘z bilan aytganda, besh kunlik dunyoda munosib yashashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. Shu yo‘lda turli qiyinchilik va mashaqqatlarni yengib o‘tadi, muammo-yu to‘siqlarga oqilona yechim topishga harakat qiladi. Aslida ham, insonning o‘zligini topishi, zohiran ezgulikka moyilligi shu sa’y-harakatlarda namoyon bo‘ladi.
Qirqni qoralab qo‘ygan, 4 nafar farzandning mehribon otasi – Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumanidagi Vodil qishlog‘ilik Azimjon Hakimov 12 yoshida xastalik tufayli chap oyog‘idan ayrilgan. Lekin hayot sinovlari oldida taslim bo‘lmagan va kelajakka katta umidlar bog‘lagan bu inson o‘z orzulari va farovon hayoti uchun kurashdi. O‘rta maktabni tamomlaganidan so‘ng Farg‘ona shahar imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejida poyabzal ustachiligi yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim oldi.
– Yigirma yildan buyon poyabzal ta’mirlovchi usta sifatida faoliyat yuritaman, o‘z kasbimni yaxshi ko‘raman. Maqsadim – insonlarga qanday bo‘lmasin, nafim tegsa, deyman. Bu ishim orqali mahalla-ko‘y va yon-atrofdagi hududlarda meni yaxshi tanishadi, – deydi usta.
To‘g‘ri, hayotda turfa qiyinchiliklar va to‘siqlar yuz ko‘rsatishi mumkin. Bu sinovlardan matonat va sabr orqali, sharaf bilan o‘tish uncha-muncha odamning qo‘lidan kelmaydi. Atrofimizda to‘rt muchasi sog‘ bo‘la turib, birovning qo‘liga qarab o‘tiradiganlar, boqimandalik kayfiyatidan qutulolmayotganlar ham topiladi. Bunday vaziyatda qolmaslik uchun, eng avvalo, “Bu hayotga nima uchun keldim, mening o‘rnim qanday?” degan savollarga o‘zidan, ongu shuuridan javob axtarishi kerak inson. Zero, hayot falsafasi mukammallikka tomon yo‘naltirilgan shaxs uchun yengib bo‘lmas to‘siqning o‘zi yo‘q.
– Uyda ikkita sigirim va tovuqlarim bor. Ularga o‘zim qarayman, undan so‘ng katta ishtiyoq bilan ustaxonamga otlanaman. Har kuni turfa fe’lli mijozlar bilan muloqot qilishga to‘g‘ri keladi. Eng avvalo, ular bilan yaxshi muomala qilib, xizmatimni sifatli bajarishga intilaman. Kunlik daromadim ham yomon emas. Hayotimdan mingdan-ming roziman, nolish, dardini dasturxon qilish men uchun begona, – deydi Azimjon Hakimov.
Ustachilik, uydagi xo‘jalik yumushlaridan ortib, futbol o‘ynashga ham vaqt topadigan qahramonimiz Farg‘ona shahrida tashkil etilgan nogiron-amputantlar jamoasining a’zosi hisoblanadi.
– Jamoamiz ahil-inoq, biz turli musobaqalarda qatnashib, g‘olib va sovrindor bo‘lganmiz. Futbol menga zavq bag‘ishlaydi. Garchi yoshim katta bo‘lsa ham, sheriklarim bilan tengma-teng yugurishga intilaman. Mutasaddilar tomonidan protez berishgan, lekin men uchun hassa qulayroq, – deydi u.
Farg‘ona tumani hokimligi va “Bo‘ston” mahalla fuqarooar yig‘ini ko‘magi bilan mahalla markazidan ustaxona tashkil qilish uchun Azimjon Hakimovga joy ajratib berildi. Hozirda bankdan olingan 10 million so‘m kredit evaziga bu xonani ta’mirlash ishlarini yakunlayotgan usta kelajakda o‘z kasbini qiziqqan yoshlarga o‘rgatib, shogirdlar yetishtirish va ustaxona faoliyatini kengaytirib, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish niyatida.
Inson qadri ustuvor bo‘lgan yurtimizda hech kim e’tibordan chetda emas. Bu xalqchil siyosatning yorqin namunasi sifatida Prezidentimizning joriy yil 22 mart kuni “Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh yurtdoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida” farmoniga muvofiq Azimjon Hakimov “Jasorat” medali bilan taqdirlandi.
Yuksak mukofotni olish insonga iftixor bilan bir qatorda, shu unvonga munosib bo‘lish mas’uliyatini ham yuklaydi. Buni teran anglagan etikdo‘z usta davlat rahbaridan va unga har tomonlama ko‘mak berib kelayotgan mutasaddi tashkilotlardan minnatdor ekanini, kelajakda o‘z mehnati orqali bu ishonchni oqlashga baholi qudrat harakat qilishini bot-bot ta’kidlaydi.
M.Sulaymonov, O‘zA