Qadimiy Ganja shahrida Ozarbayjon Milliy ilmlar akademiyasi Nizomiy nomidagi adabiyot instituti va uning Ganja bo‘limi, Ganja shahar hokimiyati va Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan «Turk dunyosining Ozarbayjon – O‘zbekiston modeli» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Unda Ozarbayjon Milliy ilmlar akademiyasi Muhammad Fuzuliy nomidagi qo‘lyozmalar instituti direktori, akademik Teymur Karimli, Ozarbayjon Milliy ilmlar akademiyasi Ganja bo‘limi rahbari, akademik Fuad Aliyev O‘zbekiston bilan hamkorlikning tobora jadallashishi har sohada ijobiy natijalar berayotganini va ushbu anjuman ham turkiy dunyoda alohida mavqega ega bo‘lgan O‘zbekiston – Ozarbayjon munosabatlarining yangi modelini ishlab chiqishiga xizmat qilishini ta’kidladi.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov ma’ruzasida o‘zbek va ozar xalqlarining ildizlarini mushtarak chinorlarga qiyoslab, azaldan do‘st-birodar bo‘lgan xalqlarning bugungi tahlikali zamonda umumiy maqsadlar yo‘lida qo‘lni qo‘lga berib olg‘a intilishi nihoyatda muhim ekaniga e’tibor qaratdi. Qardosh xalqlarning farovon hayoti uchun amalga oshirilayotgan islohotlarni odamlarga to‘g‘ri yetkazishni istiqboldagi dolzarb vazifa sifatida qayd etdi.

Ilmiy-amaliy anjumanda «Ozarbayjon – O‘zbekiston munosabatlarining turk dunyosidagi ahamiyati» mavzusida ma’ruza qilgan tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Samira Qosimova O‘zbekistonni Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlayotgan ishonchli ittifoqdosh deb atadi.
Tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Nargiz Rasulova «Ozarbayjon – O‘zbekiston hamkorligining istiqbollari» mavzusidagi ma’ruzasida 2025 yilda mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini keng nishonlash maqsadida tadbirlar dasturi hamda Idoralararo muloqot va almashinuvlar rejasining tasdiqlanishi hamkorlik darajasini yuqori sur’atlarda taraqqiy toptirishini qayd etdi.

Anjumanda Ozarbayjon oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan talabalar ham ishtirok etdi. Ularga o‘zbek va ozar xalqlari qadim-qadimdan bir-biriga ko‘makdosh bo‘lgani, kelajak avlodlar bugungi muvaffaqiyatli hamkorlikni yanada mustahkamlashi zaruriyati haqida alohida yo‘nalishlar berildi. Yoshlarga ushbu konferensiyaning tarixiy ahamiyatini o‘zlari tahsil oladigan oliy o‘quv yurtida tengdoshlariga yetkazish vazifasi topshirildi.
Konferensiya doirasida Ozarbayjon Milliy ilmlar akademiyasi Ganja bo‘limida Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va madaniyati markazi ochildi.
Markazga Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan 300 ga yaqin o‘zbek tilidagi badiiy, ilmiy asar topshirildi. Ushbu ziyo maskaniga tashrif buyuruvchilar o‘zbek xalqining tarixi, madaniyati, hazrat Navoiyning ijodiy merosi bilan tanishishlari mumkin.
Bu maskanning asosiy vazifasi ikki xalq olimlarini birlashtirishdan tashqari barcha qiziquvchilarga O‘zbekistonning tarixi, madaniyati, bugungi kuni, siyosiy va ijtimoiy hayoti haqida ma’lumotlar berish hamdir. Markaz faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish uchun unda tashkil etiladigan tadbirlar va amaliy mashg‘ulotlarga ozarbayjonlik talabalar va o‘quvchilarni keng miqyosda jalb etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Markazning ochilish marosimida so‘z olgan Nizomiy Ganjaviy markazi direktori Alimuxtor Muxtorov «O‘zbekiston – Ozarbayjon, bir vujuddagi ikki jon», deya davlatlarimiz o‘rtasidagi samimiy muloqotlar abadiy bo‘lishiga tilak bildirdi.
Konferensiya ishi va markazning ochilish marosimi Ozarbayjon olimlari bilan yanada yaqin tanishish, yangi ilmiy g‘oyalarni muhokama qilish va kelgusi rejalarni belgilash uchun yaxshi imkoniyat bo‘ldi. O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlarining ilm-fani, qadriyatlari, tili va adabiyoti, san’ati va madaniyati uyg‘un o‘zanlarda shakllanib, rivojlanib kelgan. O‘zbekistonda Nizomiy Ganjaviy, Muhammad Fuzuliy asarlari qanchalik sevib o‘rganilsa, Ozarbayjonda Alisher Navoiy dahosiga munosabat milliy iftixor darajasiga ko‘tarilgan.

Toshkentda Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani, Ozarbayjonning Fuzuliy shahrida Mirzo Ulug‘bek nomidagi maktabning qurilishi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bir guruh Ozarbayjon Respublikasi san’atkorlarini, Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining bir guruh O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini taqdirlash to‘g‘risidagi farmonlari, so‘nggi 7 yilda 70 dan ortiq yuqori darajadagi uchrashuv o‘tkazilgani do‘stlik rishtalarining mustahkamlanib borayotganidan dalolatdir.

2024 yilning 22-23 avgust kunlari Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga davlat tashrifi davomida har ikki qardosh mamlakat davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklikdan ittifoqdoshlik darajasiga ko‘tarildi. Ushbu tarixiy hujjat nafaqat iqtisodiy-ijtimoiy, balki madaniy-gumanitar aloqalarning rivojida ham yangi bosqichni boshlab bergani shubhasiz.
N.Usmonova,
O‘zA