Gandbolchi yoshlar “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi kubogi”da raqobatlashadi
Bugun, 8-avgust kuni poytaxtimiz Toshkent hamda Andijon shahrida gandbol bo‘yicha o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida “Besh tashabbus olimpiadasi" doirasidagi “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi kubogi” Respublika bosqichi musobaqalari boshlandi.
Yoshlarni ommaviy sport mashg‘ulotlari bilan qamrab olish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, mahoratli sportchilarni aniqlash va saralashda “Besh tashabbus olimpiadasi” o‘yinlari muhim ahamiyat kasb etib kelmoqda.
O‘tgan yillar davomida tashkil etilgan ushbu tizim doirasidagi musobaqalar, turli salomatlik tadbirlari natijasida ming-minglab ertamiz egalari katta sport maydonlariga shahdu shijoat bilan kirib keldi.
“Besh tashabbus olimpiadasi” qisqa fursatda yurtimizda aholining barcha qatlamlarini qamrab oladigan katta ommaviy sport harakatiga aylandi.
Mazkur musobaqalar tufayli yurtimizning ko‘plab mahallalarida bir-biridan ko‘rkam sport majmualari, maydonchalar bunyod etilib, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi tamoyillari keng yoyilishiga shart-sharoit yaratildi.
Birgina o‘tgan yili tashkil etilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” ommaviy sport musobaqalari tufayli 15 million aholi vakillari sport musobaqalari bilan qamrab olindi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA