Pokistonda gandbol bo‘yicha U-17 va U-19 yosh toifasidagi qizlar jamoalari o‘rtasida Xalqaro gandbol federatsiyasi (IHF) kubogining III Markaziy Osiyo bosqichi bahslari qizg‘in kechmoqda. Bugun, 25 aprel kuni U-19 O‘zbekiston terma jamoasi qizlari ham, O‘zbekiston U-17 jamoasi ham Tojikiston gandbolchi qizlari bilan kuch sinashadi.
Kecha U-19 yosh toifasida o‘tgan musobaqa yurtdoshlarimiz uchun omadli kechdi. Terma jamoamiz a’zolari Turkmaniston U-19 terma jamoasi bilan ro‘baro‘ keldi. Final darajasida o‘tgan ushbu qarama-qarshilikdagi bahsda O‘zbekiston U-19 terma jamoasi raqiblarini 26:18 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi, deb terma jamoamiz a’zosi Sarbinoz Saparbayeva e’tirof etildi.


Aytish lozim, o‘tgan o‘yinlardagi muvaffaqiyat va Turkmaniston jamoasi ustidan qozonilgan g‘alaba bugun Tojikiston bilan bo‘ladigan uchrashuvdagi natijadan qat’iy nazar mamlakatimizning 19 yoshgacha bo‘lgan gandbolchi qizlar terma jamoasini keyingi bosqichga olib chiqdi.

Musobaqalar 26 aprelga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA