Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanidagi 71-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internat endi faqatgina ta’lim maskani emas. Bu yerda hayotga bo‘lgan ishonch, mehr, e’tibor va imkoniyatlar uyg‘unlashdi. Uzoq yillar davomida moslashtirilgan va turli binolarda faoliyat yuritib kelgan ushbu muassasa nihoyat yangi va zamonaviy inshootda o‘z eshiklarini ochdi.
Tantanali marosimda Sirdaryo viloyati hokimligi hamda tuman hokimligi vakillari, mahalliy Kengash deputatlari, maktab-internat jamoasi, ota-onalar, faxriy va nuroniylar hamda “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati vakillari ishtirok etdi.


– Bugun biz nafaqat yangi binoning, balki bolalar taqdiriga bo‘lgan munosabatning yangilanishini ham ko‘rmoqdamiz, – dedi tantanali ochilish marosimida so‘zga chiqqan tuman hokimi Azizbek Turdimurodov. – Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda alohida ehtiyojli bolalarga munosabat tubdan o‘zgarmoqda. Endi ular faqat bilim olmaydilar, balki hayotda o‘z o‘rnini topish, mustaqil yashashga tayyorgarlik ko‘radigan mukammal muhit yaratilmoqda.

Darhaqiqat, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatining 35 milliard so‘mlik homiylik ko‘magida barpo etilgan yangi majmua har tomonlama qulay va xavfsiz. Binoda 240 nafar bola uchun mo‘ljallangan yotoqxona, o‘quv va texnologiya xonalari, oshxona, sport zali va ochiq maydonlar, hatto workout maydonchasi ham mavjud. Har bir xonaning panoramali oynalari, videokuzatuv tizimi, zamonaviy sanitariya talablariga mos holati muassasaning qay darajada puxta rejalashtirilganini ko‘rsatadi.

Maktab-internatda aqliy, ruhiy va sensor rivojlanishida orqada qolgan, og‘ir nogironligi bo‘lgan 7 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar ta’lim-tarbiya oladi. Ular uchun “G‘amxo‘rlik” guruhi tashkil etilgan bo‘lib, bu guruhda bolalar nafaqat parvarishlanadi, balki psixologik qo‘llab-quvvatlash, reabilitatsiya, ijtimoiy moslashuv va mehnatga tayyorgarlikka qaratilgan maxsus dasturlar bilan qamrab olinadi.

Muassasada joriy qilingan 13 ta texnologiya xonalari bolalarni hayotga tayyorlash, amaliy ko‘nikmalar berishga xizmat qiladi. Ularda duradgorlik, chilangarlik, sartaroshlik, kosibchilik, obodonlashtirish, tikuvchilik kabi kasblar o‘rgatiladi. Bu esa farzandlarimiz kelajakda jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishlariga zamin yaratadi. Yaqin kelajakda esa bu yerda ishlab chiqarish sexi va kichik fermerchilik xo‘jaligi tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Ayni paytda viloyat bo‘yicha 200 nafardan ortiq alohida ta’lim ehtiyojli bolalar ro‘yxatda turibdi. Eng muhim jihati — bu maktab nafaqat Sirdaryo, balki Jizzax va Toshkent viloyatlaridan ham bolalarni qabul qilish imkoniyatiga ega.
– Ilgarigi ta’lim muassasasi qishda sovuq, issiqda esa dim bo‘lardi, – deydi ixtisoslashtirilgan maktab-internatning ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etgan Rasul Miltiqov. – Eng asosiysi, xonalari moslashmagan, alohida yuvinish xonalari yo‘q edi. Bugungi binodagi har bir burchakni ko‘rib ko‘zing quvnaydi. Bu esa nafaqat menga, men singari ota-onalar uchun eng katta yupanchdir. Prezidentimiz va bu ishga hissa qo‘shgan barcha yurtdoshlarimizga o‘zimning chuqur minnatdorlikligimni bildiraman.
Albatta, bunday ta’lim muassasalarining ko‘payishi jamiyatimizda inson qadriga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgarib borayotganini ko‘rsatadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri