G‘alvirni suvdan ko‘taradigan payt keldi
Respublikamiz pillachilari bu yilgi mavsumda 401,2 ming quti ipak qurti parvarishlab, 22,4 ming tonna xomashyo yetishtirishni maqsad qilishgan. Ayni kunlarda g‘alvirni suvdan ko‘taradigan payt keldi: pilla mavsumining so‘nggi dahasi boshlandi.
Shu bois "O‘zbekipaksanoat" uyushmasi maxsus ishchi guruhlari tashkil etib, hududlarda ish jarayonini monitoring qilib boryapti. Shuningdek, hudud sektorlari rahbarlari va mas’ullar ishtirokida xonadonma-xonadon yurib, pilla yetishtirish bilan bog‘liq muammolar o‘sha joyning o‘zida hal etilyapti.

Maxsus ishchi guruh a’zolari ayni paytda vodiy – Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida ish olib bormoqda. Monitoring natijalari o‘sha kunning o‘zida muhokama qilinib, tezkor chora-tadbirlar ko‘rilyapti.
Xususan, maxsus ishchi guruhi a’zolari Farg‘ona tumanidagi “Kaptarxona” va “Navkat”, Qo‘shtepa tumanidagi “Chimkent” va “Paxtakor” mahalla fuqarolar yig‘inlarida pilla yetishtirayotgan kasanachilar faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Ayniqsa, Toshloq tumanidagi uchrashuv har jihatdan samarali bo‘ldi. Kasanachilar bilan bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida mavjud shart-sharoit o‘rganildi, pilla yetishtiruvchilar tut bargi ta’minoti bo‘yicha o‘z taklif-mulohazalarini bildirdi.

Uyushma raisi o‘rinbosari Hamid Ochilov rahbarligidagi ishchi guruhi a’zolari Quvasoy va Dang‘ara tumanlari sektor rahbarlari bilan birgalikda pilla yetishtirish mavsumida faol ishtirok etayotgan xotin-qizlar bilan uchrashdi. Farg‘ona tumanidagi Oqbilol, Behizor, Nayman mahallalarida pilla yetishtirayotgan kasanachilar faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Yozyovon, Qo‘shtepa tumanining Langar va G‘ishtmon mahallalarida pilla yetishtirayotgan kasanachilar xonadonida ham bo‘lib, ularga yaratilgan sharoit o‘rganildi.
Ipak qurtini o‘z vaqtida, e’tibor bilan parvarishlayotgan kasanachilar rag‘batlantirildi.

— Bu yil bir quti ipak qurti boqayapman, — deydi Farg‘ona tumani “Nayman” mahallasidan kasanachi Hulkaroy Sayidova. — O‘tgan yil yarim quti edi. Uch-to‘rt yildan beri pillachilarga yaxshi e’tibor berishyapti. Mas’ullar sharoitimizdan kunora xabar olib turishibdi. Hozir mavsumning so‘nggi dahasida turibmiz. Xirmon ko‘taradigan payt. E’tibor berib qaramasak bo‘lmaydi. Tutzorlarimiz yetarli. Tutzor ichidagi bo‘sh yerga ekin ekib, yiliga ikki marta hosil olyapmiz. Oilamizga qo‘shimcha daromad bo‘lyapti.
I.Nusratov, O‘zA