Jizzax viloyati ixtisoslashtirilgan sport maktabida “Fijital” sport o‘yinlari bo‘yicha Respublika finaliga beriladigan yo‘llanma uchun viloyat bosqichi bahslari bo‘lib o‘tdi.Unda viloyatning shahar va tumanlardan jami 9 ta jamoa ishtirok etdi.
Avvalo, ushbu fijital sport o‘yinlari monitor va sport zalidagi bellashuv haqida o‘quvchilarimiz tushunchaga ega bo‘lishi uchun qisqacha bo‘lsada, u haqida ma’lumot berib o‘tishimiz kerak.
XXI asrga kelib kommunikatsiyaning rivojlanishi, dunyoda raqamlashtirish jarayonlarining izchil kechishi oqibatida bitta maydonda – fijital musobaqalari tizimida birlashdi.

– Bugun futbol, basketbol, xokkey, velosport, stol tennisi kabi o‘nlab sport turlari o‘zining ikkinchi qanoti – “fijital” bilan boyitilmoqdaki, bu ishtirokchi va qiziquvchilar qamrovining yanada ortishi tufayli bo‘layotir, – deydi Jizzax viloyat sport boshqarmasi axborot xizmati rahbari Husan Komilov. – “Fijital” so‘zi inglizcha physical (jismoniy) va digital (raqamli) so‘zlarining birlashuvidan kelib chiqqan bo‘lib, ushbu format paydo bo‘lishining asosiy g‘oyasi elektron sportchilarni virtuallikdan ochiq maydonga olib chiqishga qaratilgan. Boshqacha aytganda, sportchilar fijital zallarida avval monitorda qo‘llarida joytsik (kompyuter o‘yinlarida foydalaniladigan qurilma) bilan raqobatlashib, so‘ngra ochiq maydonda yuzma-yuz kuch sinashadi.

Jizzaxda bo‘lib o‘tgan Respublika final yo‘llanmasi uchun kechgan bahsda jamoalar dastlab playstation o‘yini(monitor)da bellashib, so‘ngra zalda futzal bo‘yicha raqobat olib bordi. Har ikki bahs ham keskin va murosasiz kurashlar ostida o‘tganini ta’kidlab o‘tish joiz.
Bellashuvlarning yakuniy natijalariga ko‘ra, G‘allaorol tumani sharafini himoya qilgan 1-son sport maktabi futbol trenerlaridan iborat jamoa birinchi o‘rinni egallab, Fijital sport o‘yinlarining Respublika final bosqichiga beriladigan yagona yo‘llanma sohibiga aylandi.

Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar mos ravishda Jizzax shahrining “FC Byeku” hamda Sharof Rashidov tumanining “Fijital” jamoalariga nasb etdi.
G‘olib va sovrindor jamoalar musobaqa tashkilotchilarining diplom va qimmatabaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri