G‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekinlar ekilmoqda
Bugungi kunda yurtimizda aholining oziq-ovqatga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Navoiy viloyatida ham 2024 yil g‘alla hosilidan bo‘shagan maydonlar somondan tozalanib, takroriy ekin ekish ishlari boshlab yuborilgan. Ekish jarayoni esa “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari inspektorlari tomonidan nazorat qilib borilmoqda.

– Viloyatda g‘alladan bo‘shagan maydonlarga sabzavot va poliz ekinlari, moyli va dukkakli hamda ozuqa ekinlari ekilmoqda, – deydi inspeksiyaning viloyat boshqarmasi bosh mutaxassisi B.To‘ychiyev. – Bugungi kunda 9 ming 244 gektar maydonda takroriy ekin ekilib ishlar davom etmoqda.

Xatirchi tumanidagi fermer xo‘jaliklari tomonidan 10,1 ming gektar maydonga takroriy ekinlar ekish rejalashtirilgan. Qosim Rahmatov hududidagi “Po‘lat bobo” fermer xo‘jaligi bu yil 21 gektar maydonga boshoqli don ekkan edi. Kuz va bahor oylarida agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida olib borilganligi bois fermer tumanda g‘alla topshirish rejasini birinchilardan bo‘lib ortig‘i bilan bajardi.

– G‘alladan bo‘shagan maydonning 16 gektariga dukkakli hamda 5 gektariga sabzavot ekinlarni rejalashtirganmiz. Hozirda ekish ishlari yakunlanib qoldi, – deydi fermer G‘olibnazar Po‘latov. – Takroriy ekinning dalaga ham foydasi katta. G‘alladan bo‘shagan yerga takroriy ekin ekilganda yerga biologik azotning yetishmaslik muammosi bartaraf etiladi.
Bundan tashqari, takroriy ekin qo‘shimcha daromad manbai bo‘lib, aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, bozorlarda narx-navoning oshib ketishining oldini oladi. Dasturxonimiz to‘kinligini ta’minlaydi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri