G‘alabalar hali oldinda
So‘nggi yillarda mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni, xususan, millionlar qalbini maftun etgan futbol sohasini rivojlantirish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu borada amalga oshirilayotgan tizimli va keng ko‘lamli islohotlar, zamonaviy infratuzilmaning yaratilishi yurtimizning har bir go‘shasidan asl iste’dodlarning bo‘y ko‘rsatishiga zamin hozirladi.
Olib borilgan izchil mehnatlar o‘z mevasini berib, o‘zbek futbolida tom ma’noda yangi davr va keskin burilish davri boshlandi. Terma jamoamizning mashaqqatli saralash dovonlaridan mardonavor o‘tib, xalqimizning necha o‘n yillik ushalmas armoni, buyuk orzusi bo‘lmish mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani ushbu islohotlarning eng oliy zafari bo‘ldi. Amerika qit’asi yashil maydonlarida o‘tgan Jahon chempionatida O‘zbekiston milliy terma jamoasining ilk bor ishtirok etgani sport tariximizga oltin harflar bilan yozildi.
Bugun ushbu tarixiy voqelik, jamoamizning ko‘rsatgan o‘yinlari nafaqat yurtimiz muxlislari, balki jahon futbolining yetakchi ekspertlari, xalqaro sharhlovchilar, blogerlar va keng jamoatchilik tomonidan hanuz qizg‘in tahlil qilinib, katta e’tirof va bahslarga sabab bo‘lmoqda.

Qur’a natijalari e’lon qilinganda, futbol tili bilan aytganda, vakillarimiz joy olgan guruhni ko‘plab xalqaro mutaxassislar haqli ravishda «o‘lim guruhi» deya nomlashgan edi. Bu bahoda hech qanday mubolag‘a yo‘q edi. Boisi, raqiblarimiz — Portugaliya va Kolumbiya terma jamoalari dunyo grandlari hisoblanib, mundiallar havosidan to‘yib sipqorgan, tarkibi Yevropaning eng nufuzli top-klublarida to‘p suradigan, jahonga mashhur yulduzlardan iborat edi. Afrika qit’asidan tashrif buyurgan Kongo terma jamoasi esa o‘z ambitsiyalari va jismoniy ustunligi bilan ajralib turardi. Ularning Portugaliyaga qarshi bahsda ko‘rsatgan jangovar o‘yini va qayd etgan durang natijasi fikrimizning yaqqol isbotidir.
Shunday suronli maydonda O‘zbekiston milliy terma jamoasi ilk bor debyutant sifatida namoyon bo‘ldi. To‘g‘ri, tarkibimizda Eldor Shomurodov, Abbos Fayzullayev va Abduqodir Husanov kabi Yevropaning kuchli chempionatlarida toblangan, xalqaro miqyosda o‘z so‘zini ayta olgan yulduzlarimiz bor edi. Biroq jahon darajasidagi eng yuqori tizimga qarshi faqat bir nechta futbolchining individual mahorati bilan g‘alaba qozonish imkonsiz ekanligini futbol qonuniyatlari ko‘rsatib turibdi. Shunga qaramay, yigitlarimiz har bir bahsda orqaga chekinmay, maydonda borini berib, millat sha’ni uchun mardonavor kurashdilar.

Hatto Kongo terma jamoasi bilan kechgan shiddatli bahsning birinchi bo‘limida vakillarimiz ustunlikni qo‘lga olib, hisobda oldinga chiqib olishgandi. Biroq ikkinchi bo‘limda darvozamiz oldida yuzaga kelgan bahsli vaziyat va belgilangan 11 metrlik jarima zarbasi o‘yin taqdirini tubdan o‘zgartirib yubordi. Bu penalti nafaqat hisobni tenglashtirdi, balki futbolchilarimizning ruhiy muvozanatiga ham jiddiy zarba bo‘ldi. Ruhlangan va o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortgan raqibni to‘xtatib qolish esa yakunda juda qiyin kechdi va og‘riqli mag‘lubiyatni qabul qilishga majbur bo‘ldik.
Mazkur musobaqadagi mag‘lubiyatlarimizni xolis va professional tarzda tahlil qilsak, o‘yinimizdagi ayrim tizimli va taktik kamchiliklar yaqqol ko‘zga tashlanadi. Eng birinchi navbatda, futbolchilarimiz gol o‘tkazib yuborib, hisobda orqada qolgan zahoti, sovuqqonlikni yo‘qotib, hissiyotlar evaziga ommaviy hujumga o‘tishga intilishdi. Albatta, bu holatning ikki tomoni bor: ijobiy tomoni — jamoaning g‘alabaga bo‘lgan yuksak irodasi va jangovar ruhini ko‘rsatsa, salbiy tomoni — hujum ortidan himoya chizig‘ining butunlay unutilishi va ochiq qolishiga olib keldi.

Guruhdagi uchta bahsda ham aynan mag‘lubiyatdan qutilish ishtiyoqida oldinga tashlanish oqibatida orqa chiziq zaiflashib qoldi. Misol uchun, Portugaliya bilan o‘yinda afsonaviy Krishtianu Ronaldu deyarli hech qanday jiddiy qarshilikka uchramay, jarima maydonchamiz ichiga kirib bordi va mahoratini namoyish etdi. Bundan tashqari, vakillarimiz to‘pni oldirib qo‘ygan vaziyatlarda raqibga o‘sha joyning o‘zida tezkor pressing uyushtirish o‘rniga, to o‘z jarima maydonimiz chizig‘igacha orqaga chekinishdi. Bu taktik xato raqibga erkin harakatlanish maydonini taqdim etdi va darvozamiz oldida ketma-ket xavfli vaziyatlar, burchak to‘plari va penaltilarning kelib chiqishiga sabab bo‘ldi. Shuningdek, to‘p uzatishlardagi oddiy uquvsizlik, texnik xatolar va darvozabonlarimizning bunday yuqori saviyadagi o‘yinlarda xalqaro tajribasi yetishmasligi ham bilinib qoldi. Jahonning eng tezkor va kuchli jamoalari esa bunday xatolarni hech qachon kechirmaydi.
Bundan tashqari, jamoamizning muvaffaqiyatsizligida milliy terma jamoa bosh murabbiyi, italiyalik mashhur mutaxassis Fabio Kannavaroning ham mas’uliyati katta ekanligi aytilmoqda. Uni jamoani taktik va jismoniy jihatdan mundial darajasiga yetarlicha tayyorlay olmaganlikda haqli ravishda tanqid qilishmoqda. Shubhasizki, Jahon chempionati yakunlangach, ushbu muammolar va murabbiylar shtabining faoliyati chuqur tahlil qilinib, tegishli xulosalar chiqariladi va xolis baho beriladi.
Aynan shu o‘rinda futbolimiz tarixiga bir nazar tashlab, 1979-yilgi aviahalokatda bevaqt ko‘z yumgan afsonaviy “Paxtakor” jamosini yodga olishni burchim deb bilaman. O‘sha mash’um fojia yuz bergunga qadar bu jamoa ketma-ket sakkizta uchrashuvda mag‘lubiyat nimaligini bilmay, zafar quchib kelayotgan edi. O‘sha davrlarda aslida “Paxtakor” yurtimizning norasmiy milliy terma jamoasi edi. Ular Rossiya, Qozog‘iston, Gruziya, Armaniston, Ukrainaning eng qudratli jamoalari bilan tengma-teng, mag‘rur o‘yin ko‘rsatardi. Jamoa tarkibidagi Erkin Abduraimov, Gennadiy Krasnitskiy, To‘lagan Isoqov, Mixail An, Vladimir Fyodorov, Olim Ashurmatov kabi afsonalarning nomi butun sobiq ittifoq hududida shov-shuv edi. Masalan, Krasnitskiy va Anning o‘ta kuchli va aniq zarbalari raqiblarni titratsa, Abduraimov hatto burchak to‘pidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri darvozani ishg‘ol eta oladigan noyob iste’dod sohibi edi.

Afsus, ana shu oltin avlodning deyarli barcha vakillari o‘sha mudhish fojia qurboni bo‘lishdi. Bu xalqimiz uchun og‘ir yo‘qotish bo‘lish bilan birga, o‘zbek futbolining kelajagiga berilgan eng ayovsiz zarba edi. Biz nafaqat eng sara futbolchilarimizdan, balki kelajakda yurtimiz futbolini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishi mumkin bo‘lgan buyuk milliy murabbiylar maktabidan, strategik tafakkur egalaridan ayrilib qoldik. Agar o‘sha alp yigitlar omon qolganlarida, bugun xorijdan najot izlab, chet eldan murabbiy qidirib yurmagan bo‘lardik. Balki ularning tarbiyasini olgan bugungi avlod Jahon chempionatida bundan-da buyuk natijalarni qayd etgan bo‘larmidi...
Nima bo‘lgan taqdirda ham, ushbu Jahon chempionati o‘zbek futboli uchun shunchaki bir turnir emas, balki bebaho va buyuk saboq maktabi bo‘ldi. Biz dunyo futbolining eng qaynoq qozonida qaynadik, toblandik va haqiqiy katta futbol havosini tuydik. Katta g‘alabalar qanday mashaqqat va taktik sovuqqonlik evaziga qo‘lga kiritilishini futbolchilarimiz ham, millionlab fidoyi ishqibozlarimiz ham yurak-yurakdan his qilishdi.
Eng muhimi, biz mag‘lubiyatdan sinmaslikni, balki undan to‘g‘ri taktik xulosa chiqarib, yanada kuchliroq bo‘lib qad rostlashni o‘rgandik. Bu tarixiy debyut — porloq istiqbolning mustahkam poydevoridir. Xalqaro maydonda o‘z so‘zimizni aytdik, xatolarimizni angladik. Ishonchimiz komilki, buyuk zafarlar va tarixiy g‘alabalar hali oldinda!
Turob Niyoz,
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi