Xalqaro armiya o‘yinlari sovrindorlari
“Drago”, “Gita”, “Bayar” va... “Klif”. Bu shunchaki, itlarning laqabi. Ular hech qachon “Sputnik-5” kosmik kemasida “Belka” va “Strelka” kabi Yer atrofini 17 marta to‘liq aylanib chiqmagan bo‘lishsa-da, dunyo xaritasidagi ko‘pgina davlatlarga qadami yetgan. Mayli, koinotdagi ishlar o‘z yo‘liga. Hikoyamiz “Klif” laqabli it va uning Sodiq egasi haqida bo‘ladi.
Itlarning organizmi salqin havoni xush ko‘radi, issiqlik ularni dangasa qilib qo‘yadi. “Klif” ham shunday. U 2018 yilda tug‘ilgan, 2019 yildan buyon har yili Xalqaro armiya o‘yinlarining “Sodiq do‘st” musobaqasida qatnashadi. U 2021 yilda Jazoirdagi musobaqaga bordi... Ammo qaytib kelmadi. Voqea shu haqida...
O‘ylashimcha, milliy armiyamiz kinologlari faoliyatini ko‘pchilik sirtdan biladi. Harbiy-kinologlar itlarni qanday tanlashadi, boqishadi, nimalarga o‘rgatishadi... bu yozuvchi uchun asar, rejissyor uchun pishiqqina film mavzusi. Masalan, “Gita”ning asosiy xizmat ishi portlovchi moddalarni qidirib topish. “Klif” esa har yili xalqaro musobaqalar uchun ter to‘kadi.
Xushxabar
Mudofaa.uz sayti xabarnomasi: ...42 davlatdan 277 jamoani o‘zida jamlagan VII Xalqaro armiya o‘yinlarining “Sodiq do‘st” musobaqasida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining harbiy kinologlari faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
G‘alaba mujdasini tinglash naqadar yoqimli va oson. Ammo uning qanday qo‘lga kiritilgani ko‘pincha ochiqlanmay qoladi. Ushbu zafarli musobaqada “Klif” va uning egasi kichik serjant Sodiq Dilmurodov ham bor edi. Yuzma-yuz suhbat davomida g‘alabaning biz bilmagan qirralariga oydinlik kirdi. Voqealarni u aytib bersin.
Musobaqaga yo‘l
– 2021 yil Jazoirda o‘tkazilgan Xalqaro armiya o‘yinlarining “Sodiq do‘st” musobaqasiga O‘zbekistonning erkaklar va ayollar jamoalari yetib kelishdi. Reja bo‘yicha o‘n kunlar avval bordik. Bilasiz, itni ob-havoga, yangi maydonga o‘rgatish kerak. Musobaqaga to‘rt kun qolganida so‘nggi mashg‘ulotlarni yakunladik. Uch kun barcha ishtirokchilarga dam berildi.
Asosiy voqealar kunduz kuni bo‘lishini hisobga olib, it bilan issiq havoda mashq qilishga kirishdik. Qoidalar oddiy: 5 ta jamoadan 4 tasi asosiy o‘yinlarda qatnashadi. Bittasi zaxirada qoladi. 5 ta shart: 1 kun musobaqa, 1 kun dam olish. 1 marta o‘yin ishtirokchilarini almashtirish mumkin.

Xatoni oyoqlaring to‘laydi
Xullas, “jang” boshlanishiga to‘rt kun qolganida o‘zimizni qattiq sinovdan o‘tkazdik. Birinchi shart uch chaqirimdan ziyod biatlon yugurish edi. Bunda belkamarga itning arqonini ildirib, shamolday yelishingiz kerak. Qoida bo‘yicha it sizdan orqada qolishi mumkin emas. So‘ngra quroldan otishga navbat yetadi. Nishonga tegmagan o‘q uchun 100 metr jarima tayin. Deylik, besh marta mo‘ljalga tekkizolmadingiz, raqibingizdan yarim kilometr ko‘proq yugurishga majbursiz. Oyoqlarimga rahmim kelgani uchun odatda nishonni xatosiz urushga harakat qilaman.
It egasini hurmat qilsa...
– Jarayon shunday: itning arqoni egasining belkamariga mahkamlangan bo‘ladi. Ko‘pchilik itni egasi tortib yuradi deb o‘ylaydi. Yo‘q. Haqiqiy o‘rgatilgan it musobaqaning so‘ngigacha egasini tortib yuradi. Hatto belni sug‘urib olguday darajada... Itning sadoqati egasini tortish yoki tortmasligida.
Rossiya va Belarusdan kelgan itlar odatda bir-bir yarim chaqirimdan so‘ng, egasi bilan aloqani uzadi. O‘rtada tarang tortilgan arqon ko‘p yillik munosabatlarni imtihondan o‘tkazadi. Bu judayam murakkab psixologiya. It ishtirokchiga pand bermasligi mumkin, ammo yordam ham bermaydi.
Lekin shunday sodiqlar bo‘ladiki, ular egasini oxirgi marragacha mustahkam tortib boradi. “Klif” bilan 8 oy bir joyda, bir havodan nafas olib tayyorgarlik ko‘rganmiz. Unga qo‘pollik qilmaganman. Ishonchim komil, o‘yinda meni deb 10 ta jarima yozilsa ham, bu vafodor jonivor ularning badalini to‘lashdan qochmaydi. U startdan qanday kuch va vajohat bilan otilib chiqsa, finishgacha meni tashlab qo‘ymaydi. Bu uch chaqirimdan ortiq masofaga birov sizni suyab borishiday gap.
Ba’zida qattiq charchoqdan so‘ng itning pulsi ko‘tarilib, nafas olishi qiyinlashib qoladi. “Klif” yotib qolgan paytlari ham bo‘lgan, ammo u har gal o‘rnidan tura olardi.
Xizmat itlari qanday o‘rgatiladi?
– Buning to‘rt usuli bor: mexanik, oziqaviy, aralash, taqlidiy. Taqlidiyda o‘rgatilgan it o‘rganuvchining ko‘z o‘ngida “o‘tir”, “yot”, “tur” buyruqlarini bajaradi. Tabiiy instinkt tufayli o‘rganuvchi ham unga taqlid qiladi. Ozuqaviyda itga qo‘lingiz bilan balandroqdan yemak berasiz. U boshini yuqori ko‘tarib, beixtiyor o‘tirib qoladi. Keyingi safar unda “shunday o‘tirsam, ovqat yer ekanman”, qabilidagi refleks shakllanadi.
Mexanikda tashqi ta’sir bilan ishlanadi. “O‘tir” deya itning belidan ohista bossangiz, u o‘tirib qoladi. Bora-bora qo‘l urishga ham hojat qolmaydi. Aralashda hammasini qo‘llayverasiz.
Sizga tajribasiz kinolog yo‘l qo‘yadigan ayrim xatolarni aytay. Bu, ko‘pincha, mexanik usulda sodir bo‘ladi. Masalan, “o‘tir” deb itning belidan qattiqroq bosib qo‘yishingiz mumkin. U sizdan cho‘chiydi va ranjiydi. Yoki “kel” desangiz u kelmasligi mumkin. Shunda siz jahl bilan itning bo‘yinturug‘idan tortib yuborasiz. U qo‘rqadi va sizni ko‘rsa qochadigan bo‘lib qoladi. Uch sekundlik xatoyingizni uch oyda ham to‘g‘irlay olmaysiz.
Kutilmagan zarba
Jazoirga qaytamiz. – “Jang” avvali o‘zimizni rasmana sinadik. “Klif” begona hudud va ob-havoda meni oxirigacha tortib bordi. Ishoning, biz birinchilikni olib bo‘lgandik. Ammo “Klif”ning nafasi og‘irlasha boshladi. Bu hol ikki marta O‘zbekistondagi mashg‘ulotlarda ham bo‘lgan. Bu uchinchisi. Shu safar uning o‘rnidan turishini intizor bo‘lib kutdim. Jazoirdagi maxsus veterinarlar darhol “Klif”ga birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatishdi. Tibbiyot bo‘limida unga “osma ukol” ulashdi. Bechora, 2-3 kun ovqat yemadi, suv ichmadi. Shifokor uning miyasiga qon quyulishi boshlanganini aytdi. Qiyin vaziyatda qoldim. 2019 yildan beri xalqaro maydonlarda shuhrat qozongan to‘fon ko‘z o‘ngimda tinib-tinib borardi. U bilan qancha-qancha saflarning oldida edik, rekordimiz bor edi. Hatto 2020 yilda ko‘rsatgan natijalarimizni hanuzgacha hech kim yangilolgani yo‘q.
Butun dunyo ko‘z tikib turgan musobaqaga ikki qadam qolganida “Klif”ning joni uzildi. Muqarrar jang oldi sovut va nayzasidan ayrilgan askar kabi edim...
Bajarasan – yeysan...
– Aytgancha, itlar to‘rt bosqichda o‘rgatiladi. Eng avvalo, itni o‘z ismiga o‘rgatasiz. “Klif” desangiz, “yarq” etib qaraydigan bo‘ladi. Keyingi besh oy aloqalarni mustahkamlash davri. It ovozingizga o‘rganadi, o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortadi. Shundan so‘ng, umummashq kurslariga o‘tamiz. Bunda “o‘tir”, “tur”, “yot”, “kel”, “sakra” buyruqlari o‘rgatiladi. Bilasizmi, it degani rezinali koptokchani tishlash uchun hamma narsaga tayyor turadi. Boshida siz uni har bir o‘tgan to‘sig‘i uchun rag‘batlantirib borasiz. Asta-sekin mukofot kamaytirilib, to‘siqlar soni oshiriladi. Qarabsizki, jonivor birgina ozuqa uchun o‘nlab shartlarni bajarishga hozir bo‘ladi.
“Klif”ning qizi
Yana Jazoirdamiz. – ...Bizda yagona imtiyozdan foydalanish zarurati qolgandi. Zaxiradagi ishtirokchi va uning iti ham ancha tajribali. Eng qizig‘i, o‘sha it “Klif”ning birinchi bolasi, ya’ni qizi “Bagira” edi. Urg‘ochi itlar odatda o‘rtacha 5-6 ta bola ko‘rsa, ulardan 1-2 tasi otasiga yo tortadi, yo yo‘q. Buni qarangki, “Bagira”ning fe’l-atvori “Klif”niki bilan deyarli bir xil.
Jamoamiz maslahatga yig‘ildi. O‘zim qatnasholmayman, itim vafot etgan. Sherigim “Bagira” bilan ishtirok etsa bo‘ladi, ammo yengil jarohati bor. Shunda komandirimiz zaxiradagi jamoa vakili Elshod akadan: “itingni Sodiqga berasanmi?” deb so‘radi. U: “jamoaga qaysi ish foyda keltirsa – roziman”, deb aytdi. Muammo shuki, it o‘z egasining ovozini yaxshi ajratadi, boshqaga ko‘nmasligi mumkin. Bu xalqaro musobaqa bo‘lsa, tavakkal qilish xavfli.
Ammo “Bagira” “Klif”ning bolasi ekanini hisobga olsak, natija berishi kerak. To‘g‘ri, u musobaqaga tayyor. Faqat yangi egasi bilan yaxshi aloqada bo‘lishi shart va zarur.
Xullas, “Bagira”ni menga berishdi. Bilasizmi, it so‘zni emas, tovushni ajratadi. Jonivorga “o‘tir” so‘zini past-balandlikda aytib, turli topshiriqlarni bajartirish mumkin. Shuning uchun ikki kun “Bagira” bilan “yashadim”. O‘z qo‘lim bilan ovqatlantiraman, sayr qildiraman, yuvintiraman, so‘ngra qafasiga kuzatib qo‘yaman. Ikki kun uning ko‘zlari faqat meni ko‘rdi.
Ba’zida jahlim chiqadi. 2019 yilgi Xalqaro armiya o‘yinlarida ushbu yo‘nalishda 2-o‘rinni, 2020 yilda 1-o‘rinni olganmiz. Yana nimani isbotlashimiz kerak? Sherigim hazillashib qo‘yadi: – Kim aytdi, o‘tgan yili bizni birinchilikni oldi deb... Kulishamiz.
“Bagira” bilan tillashuv
Itni yangi egaga berdingizmi, tamom. Uning kallasida: “bu boshqa odam, unga unchalik bo‘ysunish shart emas”, degan xayol yuradi. Tuppa-tuzik it o‘yinqaroqlik qiladi, tishlab olmoqchi bo‘ladi, qochib ketadi. Jonivorni urish yaramaydi, muhim nuqtalarda sizdan qasos olishi mumkin.
Masalan, nishonga o‘q uzish shartida men itga buyruq berib, uni yonimga o‘tqazishim kerak. Nishonni qancha bexato urmay, it turib ketsa, yotsa yoki belgilangan chiziqdan chiqib ketsa, bizga jarima yoziladi. Aksiga olib, itni ushlash yoki qurol o‘qtalish man etilgan. Raqib degani-ku, tullakning o‘zi. Atay itingizga yaqin kelib, “olg‘a” deb baqiradi. Shikoyat qilsangiz, “o‘z itimga buyruq berdim”, deb turib oladi. Kamiga muxlislar hushtak chalib, chalg‘itgani-chalg‘itgan.
Murabbiyim: “Sodiq, seni otishing va yugurishing yaxshi. Faqat “Bagira”dan xavotirdaman. Ishqilib, yoningda turib bersin”, derdi tinmay.
O‘shanda “Klif” esimga tushaverdi. Shunchalik yaqin edikki, otish maydonida unga qiyo ham boqmasdim. Meni so‘zsiz tushunar, xatosiz harakatlanar edi. Harbiy qismdagi ishim undan xabar olish bilan boshlanardi. U meni qattiq kutardi, xursand bo‘lardi. Ko‘rishi bilan quloqlarini ding qilib, sakray boshlardi.
O‘rganmaydigan it yo‘q, o‘rgatolmaydigan kinolog bor
– Biz itlarni oliy asab tizimi faoliyatiga qarab tanlaymiz. Xolerik va sangvinik itlar harakatchan bo‘ladi. Ularning o‘zini to‘xtata olish jarayoni harakatdan ko‘ra past. Masalan, rezina to‘pchani uloqtiring. O‘qday otilayotgan itga “qayt” buyrug‘ini bersangiz, uni “tormoz”lantirayotgan bo‘lasiz. Jonivorga to‘xtashdan ko‘ra, borib to‘pni tishlash ma’qulroq. Ulardan to‘siqlardan o‘tish, antiterror yo‘nalishlarida foydalansa bo‘ladi. Flegmatik va melanxolik itlarning asab tizimida “tormoz”lanish nihoyatda yuqori bo‘lgani uchun ularni maxsus vazifalarga asrab qo‘yasiz.
Jazoirdagi “jang”
– ...“Bagira” meni ikki chaqirimgacha yaxshi tortdi. Keyin egasi boshqa ekanini sezdi chog‘i, sekinlasha boshladi. Yuragim “shuv” etdi. Bunday paytda buyruq bersangiz, battar sekinlashishi mumkin. Uni maqtay boshladim: “yaxshi it, aqlli it, sen eng zo‘risan, olg‘a, tort...” Xayriyat, u yana o‘ziga keldi. Biz maydonda shamolday uchib borardik.
O‘q otishda ham “Bagira” pand bermadi. Axir itning qulog‘i ostida 5 marta “bomba portlatish”ning o‘zi bo‘lmaydi-ku. Ilk mashg‘ulotlarda o‘q ovozini eshitgan it otish maydoniga o‘lsa ham kirmaydi. Ikki oyog‘ini oldinga tirab, “tormoz”ini oxirigacha bosib turadi. Ko‘tarib olib borishdan o‘zga chora qolmaydi.
Xudoga shukr, “Bagira” bilan qiyin to‘siqlarni birgalikda yenga oldik. Otasiga munosib bo‘ldi. Aslida bitta it bilan mustahkam aloqa o‘rnatish uchun ikki kun emas, ikki oy ham kam. Axir biz sakkiz oy davomida musobaqaga tayyorlanamiz.
Ruscha tushunadigan itlar
Sodiq Dilmurodovdan “nega itlar bilan ishlashda rus tilidagi so‘zlardan foydalanasizlar?” deb so‘rayman.
– O‘zim ham boshida shu savolni berganman, – deb gap boshladi u. – Aslida jonivorga so‘zning farqi yo‘q. Rus tilida itga beriladigan buyruqlar soddalashtirilib, oson va jarangli qilib qo‘yilgan. It qisqa va jarangli, uzog‘i bilan 1,5-2 sekundlik signallarni yaxshi qabul qiladi. Deylik, “ryadom” desangiz yoningizda yuradi. O‘zbekchada “yonimda yur” so‘zlari unga uzun signal berib, chalg‘itishi mumkin. Balki kelgusida biz ham o‘zbekcha buyruqlarni soddalashtirarmiz.
Yangi “Klif”
O‘zbekistonga g‘alaba bilan qaytgach, “Bagira”ni hurmat bilan egasiga topshirdim. Menga boshqa it berishdi. Yomonga o‘xshamaydi. Faqat bir muammo: pasporti bo‘yicha laqabi “Volf” ekan. “O‘zgartirmasak bo‘lmaydi”, deb oyoq tirab oldim. Kinologlarning bir irimi bor: itga egasi nom qo‘yishi kerak. Men “Klif” bo‘lishini xohlayman. Shunday ham bo‘ldi. Hozirda u bilan tinmay mashq qilyapmiz. Shubhasiz, keyingi g‘alabalar, rekordlar uniki bo‘ladi. Bilmaganlar mendan “chempion “Klif” shumi?” deb so‘rashadi. Yo‘q, desam buning ham laqabi “Klif”. Shunda men g‘urur bilan: “bu yangi chempion”, deyman-u, yo‘lda davom etaman.
Katta leytenant Bobur ELMURODOV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti xodimi.
O‘zA