Sirdaryo viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tarixiy-ma’naviy saboq olish, vatanparvarlik tuyg‘usini oshirish maqsadida Toshkent shahrida joylashgan “G‘alaba bog‘i” va “Shon-sharaf muzeyi”ni tomosha qilishdi. Ushbu sayohat ular uchun faqatgina ekskursiya emas, balki tarix bilan yuzma-yuz uchrashuv bo‘ldi.
Muzeyda Ikkinchi jahon urushi davrida o‘zbekistonlik jangchilarning fidokorligi, qahramonligi haqida ma’lumotlar, eksponatlar, tarixiy hujjatlar va harbiy texnika vositalari mavjud. Bu esa, sirdaryolik bojxonachilarda chuqur taassurot qoldirdi.

– “G‘alaba bog‘i”ga tashrifimiz qalbimizda faxr va g‘urur tuyg‘usini uyg‘otdi, – deydi Sirdaryo viloyat bojxona boshqarmasi Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish shu’basi boshlig‘i Ahror Ismatullayev.
– Bu yerdagi har bir eksponat tinchlik yo‘lida jon fido qilgan yurtdoshlarimizning xotirasini abadiylashtiruvchi muqaddas timsoldir. Ajdodlarimizning qanday og‘ir sinovlardan o‘tganini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rganimizda, bugungi kun tinchligi va mustaqilligining naqadar ulkan boylik ekanini yanada chuqur his etdik. Bunday ma’naviy tadbirlar xodimlarimizning vatanparvarlik ruhini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega.

Muzeyga tashrif mobaynida o‘zbekistonlik jangchilarning tug‘ilgan joylari, ularning taqdiri va oilalariga qaytmagan fidoiylar haqidagi ma’lumotlar katta qiziqish uyg‘otdi.

– Muzeyda namoyon etilgan tarixiy lavhalar menga juda katta ta’sir qildi, – deydi Sirdaryo viloyat bojxona boshqarmasi katta inspektori Madina Babayeva. – Ayniqsa, o‘zbekistonlik ayollarning urush davridagi matonati va fidoyiligi haqidagi ma’lumotlar qalbimni to‘lqinlantirdi. Bu sayohat orqali biz nafaqat tarix darsini o‘tdik, balki Vatan oldidagi burch, mas’uliyat, sadoqat va insonparvarlikning haqiqiy mohiyatini angladik.
Bojxona xodimlari uchun ushbu sayohat ma’naviy tarbiya, tarixiy xotirani mustahkamlash va vatanparvarlik tuyg‘usini oshirishga xizmat qildi. “G‘alaba bog‘i”dagi har bir lavha ularning qalbida iftixor va minnatdorlik tuyg‘usini yanada kuchaytirdi.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri