Gaitida gumanitar inqiroz kuchaymoqda
Gaiti poytaxti Port-o-Prens shahrida jinoiy guruhlar o‘rtasida kechayotgan qurolli to‘qnashuvlar tufayli odamlar xavfli hududlarni ommaviy ravishda tark etishga majbur bo‘lmoqda. Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) hisoboti atigi uch hafta ichida poytaxt va shu yaqin atrofda yashaydigan 6000 dan ko‘p odam uyini tashlab ketgan.
BMT ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan hafta qurolli guruhlar Port-o-Prensda 2024 yil fevraldan buyon muntazam o‘qqa tutilishi sabab yopilgan universitet kasalxonasiga o‘t qo‘ygan. Mamlakat bo‘ylab sog‘liqni saqlash muassasalarining atigi 27 foizi to‘liq ishlayapti.
Qurolli bosqin oqibatida taxminan 4,2 million kishi, jumladan ayollar va bolalar, boshqacha aytganda Gaiti aholisining uchdan bir qismi bu yil insonparvarlik yordamiga muhtoj holatga tushgan.
Kuni kecha Barbadosda bo‘lib o‘tgan Karib havzasi hamjamiyati 48-Hukumat rahbarlari yig‘ilishida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Gaitidagi “dahshatli vaziyat” haqida gapirarkan, mintaqa yetakchilarini tinchlik va xavfsizlik uchun kuchlarni birlashtirishga chaqirdi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, qurolli zo‘ravonlik ushbu davlat aholisi tinka-madorini quritmoqda, insonlarni chidab bo‘lmas azob-uqubat girdobiga duchor qilmoqda.
Bosh kotib tez orada Xavfsizlik Kengashiga Gaitidagi vaziyat bo‘yicha hisobot taqdim etishini ma’lum qildi. Mazkur hujjat, jumladan, barqarorlik va xavfsizlikni saqlash, inqirozni keltirib chiqarayotgan asosiy omillarni aniqlash va bartaraf etishda BMTning o‘rniga oid takliflarni ham o‘z ichiga oladi.
XMT e’lon qilgan yangi ma’lumotda keltirilishicha, Gaitida oxirgi hisob-kitobga ko‘ra, 1 million 41 ming kishi ichki darajada ko‘chirilgan. Ularning aksari bir necha marta joyini o‘zgartirishga majbur bo‘lgan.
S.Rahimov, O‘zA