G‘oliblar mamlakat chempionatiga boradi
Nukusda baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi birinchiligi bo‘lib o‘tdi.
Nukusda baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi birinchiligi bo‘lib o‘tdi.Yaqinda kapital rekonstruksiyadan chiqarilgan “Do‘stlik” kanalida o‘tkazilgan musobaqada 50 dan ortiq sportchi o‘zaro bahs olib bordi.
– Keyingi yillarda mamlakatimiz, xususan, bizning mintaqada sportning eshkak eshish turlari keng ommalashmoqda, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi eshkak eshish federatsiyasi ijrochi direktori Abduqodir Qayipov. – Bu sport turi bilan shug‘ullanayotgan yoshlarimiz mamlakat va xalqaro miqyosdagi musobaqalarda yaxshi natijalarni qo‘lga kiritmoqda. Ayni paytda 24 sportchimiz akademik eshkak eshish, 4 sportchimiz esa baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha mamlakatimiz terma jamoasiga jalb etilgan. O‘tgan yili olti sportchimiz eshkak eshish turlari bo‘yicha o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida g‘olib bo‘ldi.
Keskin kurashlarga boy bo‘lgan musobaqada qizlar o‘rtasida Nargiza Do‘simbetova, Dilorom Turg‘anboyeva, o‘g‘il bolalar o‘rtasida Nurlan Bobojonov, Amir Qidirboyev, Muhammatdin Turjanov marraga birinchi bo‘lib yetib keldi.
G‘oliblarga diplom, medal hamda musobaqaning mamlakat bosqichiga yo‘llanmalar topshirildi.