G‘oliblar mamlakat bosqichiga boradi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkazilayotgan “Tashabbus – 2016” ko‘rik-tanlovining Buxoro viloyati bosqichida 38 tadbirkor, fermer va hunarmand ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkazilayotgan “Tashabbus – 2016” ko‘rik-tanlovining Buxoro viloyati bosqichida 38 tadbirkor, fermer va hunarmand ishtirok etdi.Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish va soha subyektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida u milliy iqtisodiyotimiz ravnaqida yetakchi kuchga aylanayotgani ta’kidlandi.
Buxoro viloyatida 12 mingdan ortiq tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda. 2015-yilda sohani rivojlantirishga tijorat banklari tomonidan qariyb 539 milliard so‘mlik kredit mablag‘lari ajratilgan. Natijada kichik biznesning hududiy mahsulotdagi ulushi 67 foizdan oshgan. Ish bilan band bo‘lganlarning 77,1 foizi shu soha hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga munosib hissa qo‘shayotgan tadbirkor, fermer va hunarmandlarni rag‘batlantirish, ilg‘or tajribalarini ommalashtirish, xo‘jalik subyektlari o‘rtasida hamkorlik munosabatlarini kengaytirishga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilayotgan “Tashabbus” ko‘rik-tanlovi soha rivoji hamda imkoniyatlarning o‘ziga xos taqdimotiga aylandi.
“Eng yaxshi tadbirkor” yo‘nalishida Vobkent tumanidagi “Bahor plastiks” qo‘shma korxonasi rahbari Jamshid Murodov birinchi o‘rinni egalladi.
– Ishlab chiqarishni rivojlantirish, mahsulot hajmi va turini kengaytirish uchun istiqbolli loyihalarni amalga oshirmoqdamiz, – deydi “Bahor plastiks” qo‘shma korxonasi ijrochi direktori Solih Latipov. – Bunda 2015-yili “Hamkorbank”dan olingan 1 milliard so‘m va 300 ming dollar miqdoridagi kredit mablag‘i juda qo‘l keldi. Kir yuvish vositalari va qadoqlovchi materiallarga ichki bozorda talab katta. Ayni paytda xorij bozoridan ham o‘z o‘rnimizni topishga harakat qilmoqdamiz. O‘tgan yili 120 ming dollarlik mahsulot eksport qilindi. Joriy yilda bu ko‘rsatkichni ikki barobar oshirishni rejalashtirganmiz.
Kogon tumanidagi “Adolat Alisher zamini” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari Rayima Saidova “Eng yaxshi fermer”, Buxoro shahridan kandakor Shavkat G‘ulomov “Eng yaxshi hunarmand” yo‘nalishida g‘olib bo‘ldi.
G‘oliblar “Tashabbus – 2016” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichida ishtirok etadi.