"Katta yigirmatalik" mamlakatlari koronavirus pandemiyasi davridagi qarz yukini yengillashtirish uchun dunyoning eng qashshoq davlatlariga 14 milliard dollar mablag‘ ajratdi.
Bu haqda Saudiya Arabistonining valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon raisligida o‘tkazilgan "G 20" sammiti yakunida ma’lum qilindi.
"Biz pandemiya sabab o‘nlab yillik taraqqiyoti xavf ostida qolgan dunyodagi eng qashshoq mamlakatlarga favqulodda yordam ko‘rsatamiz. Qarzni to‘lashni to‘xtatib turish tashabbusi doirasida aholisi bir milliarddan oshiq bo‘lgan davlatlar uchun 14 milliard dollardan ko‘proq mablag‘ ajratdik. Kuchimiz birlikda ekanligini isbotlaymiz", – dedi Saudiya Arabistonining valiahd shahzodasi.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning aprel oyida "Katta yigirmatalik" dunyoning eng qashshoq davlatlariga tashqi suveren qarzlar bo‘yicha to‘lovlarni yil oxirigacha to‘xtatib turish imkoniyatini bergan edi.
Keyinroq esa guruhga a’zo mamlakatlar moliya vazirlari tashabbusi bilan qashshoq mamlakatlarning qarzlarni to‘lash muddatini 2021 yil iyungacha uzaytirishni ma’qullangan edi.