FVB hududlarda profilaktika ishlarini kuchaytirdi
Yozning issiq kunlari davom etayotganiga qaramay, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik tadbirlari hozirdanoq boshlandi. Sirdaryo viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan nazorat-profilaktika ishlari tizimli ravishda olib borilmoqda.
Guliston shahridagi profilaktika tadbirlari shaxsiy tarkibga yo‘riqnoma berishdan boshlandi. Shundan so‘ng mutaxassislar aholi xonadonlarini o‘rganib, gaz va elektr jihozlaridagi nosozliklarni bartaraf etdi. Xonadon egalari va oila a’zolariga kuz-qish mavsumida xavfsizlik qoidalari tushuntirildi, zaruriy eslatma materiallari tarqatildi. Shuningdek, is gazidan zaharlanish xavfini keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan dudburonlar ham tozalab berildi.

Navbatdagi yo‘nalish ijtimoiy soha ob’ektlari bo‘lib, bu yerda ishchi-xodimlarga favqulodda vaziyatlar turlari va ularning oldini olish usullari, yong‘inlarni boshlang‘ich bosqichda o‘chirish qoidalari amaliy misollar yordamida tushuntirildi.
Bozorlar ham e’tibordan chetda qolmadi. Chunki bu kabi hududlarda yong‘in xavfi yuqori. Profilaktika jarayonida do‘kon egalari va sotuvchilar ogohlantirildi, 22 ta xavfli holat shu yerning o‘zida bartaraf etildi.

Shu bilan birga, cho‘milish taqiqlangan hududlarda voyaga yetmagan yoshlar bilan suhbatlar o‘tkazilib, ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan holatlar misollar bilan tushuntirildi.
Bunday profilaktika tadbirlari turli noxush holatlarning oldini olishda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, aholining bu boradagi bilim va xabardorligini oshirishga xizmat qilmoqda.


G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri