Shu kunlarda futzal bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari 2026 yili Indoneziyada bo‘lib o‘tadigan Osiyo kubogi saralash musobaqasiga tayyorgarlik mashg‘ulotlarini o‘tkazmoqda.
Nodir Eliboyev bosh murabbiyligidagi futzalchilarimiz yaqinda Xitoy terma jamoasiga qarshi ikkita safar o‘yinini o‘tkazib, har ikkalasida yirik hisobda (3:0, 6:0) g‘alaba qozongandi.

Jahon chempionatiga tayyorgarlik bo‘yicha ishlab chiqilgan dasturga ko‘ra, futzalchilarimiz navbatdagi nazorat o‘yinlarini Toshkentda Tojikiston futzal terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
Bugun kuni mazkur o‘rtoqlik o‘yinida ishtirok etadigan Tojikiston milliy terma jamoasi Toshkentga yetib keldi.

O‘zbekiston va Tojikiston terma jamoalari o‘rtasidagi bu galgi nazorat uchrashuvlari 13 va 15 aprel kunlari Toshkent axborot texnologiyalari universiteti sport majmuasida bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA