FUTZAL: Terma jamoaga nomzodlar saralandi
Barcha hududlardan vakillar kutilgandi, lekin ularning yarmi keldi xolos.
Barcha hududlardan vakillar kutilgandi, lekin ularning yarmi keldi xolos.
Kelasi yili 20 yoshlilar oʻrtasida oʻtadigan Osiyo chempionatiga saralash oʻyinlar bu yildan boshlanishi va saralash oʻyinlaridan biriga Toshkent shahri mezbonlik qilishi haqida yozgan miz. Saralash bahlari toʻrtta mintaqaga, jumladan, Janubi-sharqiy Osiyo, Markaziy Osiyo, Sharqiy Osiyo va Gʻarbiy Osiyo mintaqalariga boʻlingan holda tashkillashtiriladi. Toshkentda esa Markaziy Osiyo mintaqasi vakillari ishtirok etadi. Ushbu saralash bahslari shu yilning dekabr oyida oʻtkazilishi belgilangan.
Unga qadar terma jamoamiz oktyabr oyidagi FIFA kunlaridan unumli foydalanish maqsadida Toshkentda ikkita xalqaro oʻrtoqlik uchrashuvi oʻtkazishni rejalashtirmoqda.
Afgʻoniston futbol federatsiyasi Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasiga har ikki mamlakat terma jamoalari oʻrtasida oʻrtoqlik oʻyini tashkil etish borasida taklif bilan chiqdi. OʻFA mazkur taklifga ijobiy javob bergach, oʻyin 12-13 oktyabr sanalariga belgilandi.
Aynan Osiyo chempionati saralash oʻyinlari hamda yuqorida tilga olingan xalqaro oʻrtoqlik uchrashuviga tayyorgarlik koʻrish maqsadida OʻFA tashabbusi bilan 20 yoshlilar oʻrtasida oʻziga xos musobaqa tashkil etildi. Oʻzbekiston Kubogi deb atalgan turnirda toʻqqizta jamoa uch guruhga boʻlingan holda oʻzaro bahs olib borishdi. Bular:
“A” guruhi: Toshkent shahri, Sirdaryo, “Chigʻatoy”
“V” guruhi: Jizzax, Toshkent viloyatlari, “Lokomotiv”
“S” guruhi: Samarqand, Fargʻona vilotyalari, Toshkent futbol akademiyasi.
Guruhlarda birinchi oʻrinni egallagan (Toshkent shahri, Jizzax va Samarqand viloyatlari) hamda uchta guruhdan eng yaxshi bitta ikkinchi oʻrin egasi (“Chigʻatoy”) yarim finalga yoʻllanma oldi.
Yarim final:
Toshkent sh. – Samarqand – 4:1
Jizzax – “Chigʻatoy” – 1:3
Final:
Toshkent sh. – “Chigʻatoy” – 3:2.
Shu tariqa Toshkent shahri jamoasi oltin, “Chigʻatoy” jamosi kumush hamda yarim finalda yengilgan Samarqand va Jizzax jamoalari bronza medallari, diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
- Musobaqa tashkil etishdan maqsad bisotimizda bor yoshlarni koʻzdan kechirish, eng iqtidorli va isteʼdodli yigitlarni termaga nomzod sifatida saralab olish edi, - deydi mamlakat milliy va yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Bahodir Ahmedov. – Toʻgʻri, Superliga klublari qoshidagi futzal jamoalarida ham yoshlarimiz toʻp surishadi, lekin natijaning ortidan quvgan murabbiylar koʻp xollarda yoshlarga maydonga tushishiga, oʻzlarini koʻrsatishiga imkon bermaydi. Bizning oldimizda esa Osiyo chempionati “eshik qoqib” turibdi. Shuning uchun turnirda chinakam iqtidorlilarni saralab oldik. Yigirma nafardan ortiq yoshlarni kelgusi oʻquv-mashgʻulot yigʻinlariga taklif etamiz, ularning yoniga esa bu turnirda qatnasha olmagan, ammo oʻz klubining mahoratli aʼzolaridan hisoblangan yana yetti-sakkiz nafar yoshlarni jalb etamiz. Bu yoʻlda menga yordam berayotgan Nodir Eliboyev, Abdulla Boʻriyev va Rustam Umarov bilan birga qisqa muddatga, lekin muvaffaqiyatlarga eltuvchi rejalar ustida ishlayapmiz. Navbatdagi yigʻinlarimizda tanlab olgan shogirdlarimiz bilan texnik va taktik mashgʻulotlar olib boramiz. Nasib qilsa, avvalgi Osiyo chempionatidagi natijalarimizni yanada yaxshilashga harakat qilamiz.
Eslatib oʻtamiz, yoshlar terma jamoamiz 2017 yili Tailand davlatida ilk bor tashkil etilgan 20 yoshlilar oʻrtasidagi Osiyo chempionatida yarim finalga qadar yetib borgan.