Futzal: O‘zbekiston Venesuela bilan durang o‘ynadi
Shu yilning sentyabr oyida Litva mamlakatida o‘tadigan futzal bo‘yicha jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rayotgan O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionatining yana bir ishtirokchisi Venesuela termasi bilan kuch sinashdi.
“O‘zbekiston” sport majmuasida kechgan dastlabki bahsda kuchlar teng keldi. Har gal vakillarimiz hisobda oldinga chiqaverdi, biroq ehtiyotsizlik tufayli o‘z darvozalari daxlsizligini ham saqlab qola olmadi.
Terma jamoamiz tarkibida avlodlar almashuvi yuz berayotganligi sezildi. Yaqin-yaqingacha termamizning asosini tashkil etgan, bir necha bor Osiyo chempionati o‘yinlarida faollik ko‘rsatgan, hatto bisotimizdagi yagona jahon chempionatida ishtirok etgan futzalchilarimizdan Artur Yunusov, Konstantin Sviridov, Farhod Abdumavlonov, Shuhrat Tojiboyevlar garchi kengaytirilgan tarkibdan joy olgan bo‘lsada, uchrashuv qaydnomasiga kiritilmadi. Klim Tyugayev, Jamoliddin Sharipov, Andrey Shlema, Dilshod Irsaliyev, Farhod Abdumavlonov kabi futzalchilarimiz esa hatto umumiy tarkibdan ham chetda qoldirilgan.
Futzalda “ko‘pni ko‘rgan”lardan faqat Rustam Umarov, Dilshod Rahmatov va Davron Choriyev qolgan, deb aytish mumkin. Aka-uka Dilshod va Davron ham terma tarkibida ancha yillardan beri bo‘y ko‘rsatib keladi. Rustam Umarov esa butunlay boshqa mavzu. Rustam Osiyo chempionatida qatnashish bo‘yicha nafaqat O‘zbekiston, balki qit’ada rekordchi nomiga da’vogarlik qilyapti.
Agar bu yil jahon chempionatiga saralash – Osiyo chempionati bahslari o‘tkazilganda edi, Rustam yagona rekordchi sifatida qit’a futzali tarixidan joy olardi. Lekin qit’a chempionati tashkil etilmadi, terma jamoalar reyting natijalariga ko‘ra jahon chempionatiga yo‘llanma olishdi. Ammo ishnchimiz komilki, Rustam hali “formada”, navbatdagi Osiyo chempionatida ham yurtmiz sport sharafini munosib himoya qila olishiga ishonamiz.
Venesuela terma jamoasi Toshkent safari davomida ikkita o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazishga rozi bo‘lgan. Shuning uchun ikki davlat termalari o‘rtasidagi ikkinchi o‘yin 27 iyunga belgilangan.
O‘zbekiston - Venesuela - 3:3
Hakamlar: Anatoliy Rubakov, Nikita Afinagenov, Xushnud Atamuratov, Shavkat Muhiddinov
Nazoratchi: Baxtiyor Tog‘ayev
Komissar: Jamshid Imamov
Gol: Akbar Usmonov (2), Dilshod Rahmatov (7, 20) - Rafayel Morilo (4), Bozo (10), Enderson Jesus Gomes (11)
O‘zbekiston: asosiy tarkib - Abbos Elmurodov, Dilshod Rahmatov, Ilhom Hamroyev, Husniddin Nishonov, Davron Choriyev, zaxira tarkib - Rustam Umarov, Mashrab Odilov, Xushnur Erkinov, Akbar Usmonov, Dilmurod Shavkatov, Elbek To‘lqinov, Sunnat Jo‘rayev, Muzaffar Ahadjonov,
Bosh murabbiy: Bahodir Ahmedov
Venesuela: asosiy tarkib - Jonni Alberto Ruyeda Galviz, Karlos Salsedo, Joze Gutteres Balza, Karlos Gonsallez, Rafayel Morilo, zaxira tarkib - Vilmer Torres, Junior Bozo, Issak Molina, Enrike Rodriges, Enderson Jesus Gomes, Vilson Baronis, Joze Vera, Nelson Jovanni Gonsalles
Bosh murabbiy: Freddi Migel Gonsallez.
Oybek YUNUSOV, O‘zA