Futzal: 2027-yilgi Osiyo chempionati dasturi tasdiqlandi
Osiyo futbol konfederatsiyasi (AFC) futzal bo‘yicha klublar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining 2027-yilgi mavsum dasturini tasdiqladi.
Unga ko‘ra, kelasi yilgi musobaqada Eron, Indoneziya, Yaponiya, Iroq, O‘zbekiston, Tailand, Afg‘oniston va Vetnam mamlakatlarining 2026-yilgi chempion jamoalari ishtirok etadi.
Reglamentga muvofiq, musobaqaning dastlabki bosqichida 8 ta jamoa qur’a tashlash yo‘li bilan 2 ta guruhda bir davrali tizimda o‘zaro kuch sinashadi. Guruhlarda 1–2-o‘rinlarni egallagan jamoalar yarim final yo‘llanmasiga ega chiqadi.
Aytish lozimki, klublar o‘rtasidagi Osiyo chempionati 2010–2019-yillar oralig‘ida o‘n marta o‘tkazilgan bo‘lib, Eron va Yaponiya klublari 4-martadan, Tailand vakillari 2-marta chempionlikni qo‘lga kiritgan.
Mamlakatimiz futzal jamoalari qit’a chempionatining barcha mavsumlarida ishtirok etgan. Eng yaxshi natija 2012-yilda qayd etilgan. Toshkentning "Ardus" jamoasi Osiyo chempionatining kumush medaliga sazovor bo‘lgan.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA